O‘zbekistonlik talaba va bitiruvchilarning Kuvaytdagi mehmonxona sohasida amaliyot o‘tashi va ishga joylashishi masalalari muhokama qilindi. Bu haqda Dunyo axborot agentligi xabar berdi.

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi, mamlakatning Kuvaytdagi elchixonasi, Migratsiya agentligi, Kasb-hunar ta’limi agentligi hamda Marriott International tarmog‘iga kiruvchi Courtyard by Marriott mehmonxonasi vakillari o‘rtasida onlayn uchrashuv o‘tkazildi.

Tomonlar O‘zbekistonning kasb-hunar va oliy ta’lim muassasalari talabalari hamda bitiruvchilarini mehmonxonada amaliyotga jalb qilish va keyinchalik ishga joylashtirish istiqbollarini ko‘rib chiqdi.

Mehmonxona vakiliga ko‘ra, nomzodlarni tanlashda turizm va texnik mutaxassisliklar bo‘yicha kasbiy tayyorgarlik hamda ingliz tilini bilish darajasiga alohida e’tibor beriladi.

Ishga qabul qilingan xodimlarga turar joy, uch mahal ovqat, transport va tibbiy sug‘urta taqdim etiladi. Mehnat shartnomalarini bir yil muddatga tuzish rejalashtirilgan.

Hamkorlikni yo‘lga qo‘yish uchun tomonlar o‘zaro anglashuv memorandumini tayyorlashga kelishib oldi. Mehmonxona bo‘sh ish o‘rinlari, nomzodlarga qo‘yiladigan talablar va mehnatga haq to‘lash shartlari haqida ma’lumot taqdim etadi. Shundan so‘ng Migratsiya agentligi ish izlovchilarni dastlabki saralashdan o‘tkazadi.

Keyingi bosqichda memorandum loyihasini tayyorlash va kelishish, bo‘sh ish o‘rinlari ro‘yxatini aniqlashtirish hamda nomzodlarni tanlashni boshlash ko‘zda tutilgan.

Avvalroq Spot o‘rta tibbiyot xodimlari Germaniya klinikalarida ishlashga taklif etilayotgani haqida yozgan edi.