Tadbirkor Maksim Poletayev va Solfy RUS LLC kompaniyasi O‘zbekistonga qarshi Investitsiyaviy nizolarni hal etish xalqaro markazida (ICSID) arbitraj ishini boshladi. Arbitraj ishini boshlash to‘g‘risidagi so‘rov 23-sentabr kuni ro‘yxatdan o‘tkazilgan.

Ish ma’lumotlariga ko‘ra, da’vogarlar sifatida rossiyalik tadbirkor va Sberbank boshqaruvi raisining sobiq birinchi o‘rinbosari Maksim Poletayev hamda Rossiyada ro‘yxatdan o‘tgan Solfy RUS LLC ko‘rsatilgan. Javobgar tomon — O‘zbekiston Respublikasi.

ICSID nizoning predmetini iste’molchilarni moliyalashtirish platformasi, iqtisodiy sektorini esa moliya sohasi sifatida belgilagan.

Arbitrajga asos sifatida O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasida 2013-yil aprel oyida imzolangan investitsiyalarni rag‘batlantirish va o‘zaro himoya qilish to‘g‘risidagi hukumatlararo bitim ko‘rsatilgan. Mazkur bitim o‘sha yilning 17-iyunidan kuchga kirgan. Ish ICSIDning Qo‘shimcha mexanizm arbitraj qoidalari asosida ko‘rib chiqilmoqda.

Hozirda ish bo‘yicha jarayon davom etmoqda. ICSID ma’lumotlariga ko‘ra, 23-sentabr kuni bosh kotib vazifasini bajaruvchi arbitraj ishini boshlash to‘g‘risidagi so‘rovni ro‘yxatdan o‘tkazgan.

Poletayev va Solfy manfaatlarini Amsterdam & Partners LLP hamda E L W I himoya qilmoqda. O‘zbekiston manfaatlarini esa Adliya vazirligi vakillik qilmoqda.

Sentabr oyi boshida Amsterdam & Partners arbitraj da’vosi berilganini ma’lum qilib, Solfy va Poletayev O‘zbekistondan 100 mln dollardan ortiq kompensatsiya talab qilayotganini bildirgan.

Yuridik firma, shuningdek, so‘rovda Solfy direktori Uktam Xasanovga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi va uning qamoqda saqlanishi bo‘yicha zudlik bilan vaqtinchalik ta’minlov choralarini qo‘llash talabi ham borligini ma’lum qilgan.

Solfy ishi

Solfy va O‘zbekiston Milliy banki o‘rtasidagi nizo 2026-yil bahorida jamoatchilikka ochiq tarzda keskinlashdi. Solfy 2020-yilda O‘zmilliybank bilan hamkorlikda O‘zbekiston bozoriga kirib kelgan. Tomonlar xaridlarni 12 oygacha foizsiz amalga oshirish imkonini beruvchi muddatli to‘lov kartalarini chiqarish loyihasini ishga tushirgan.

Keyinchalik hamkorlar o‘rtasidagi munosabatlar yomonlashib, sud nizolariga aylanib ketdi. 2024-yil dekabr oyida Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudi Savdo-sanoat palatasining O‘zmilliybank manfaatlarini ko‘zlab Solfy SA kompaniyasiga nisbatan bergan da’vosini qanoatlantirdi. Sud shartnomani bekor qilish va qarzdorlikni undirish haqida qaror chiqardi. Kompaniyadan 17,33 mlrd so‘m undirilishi belgilandi. 2025-yil fevral oyida apellyatsiya instansiyasi ushbu qarorni o‘zgarishsiz qoldirdi.

2025-yil may oyida Savdo-sanoat palatasi O‘zmilliybank manfaatlarini ko‘zlab Solfy SA kompaniyasiga nisbatan yana bir da’vo kiritdi. Sud talablarni qisman qanoatlantirib, 1,76 mlrd so‘m asosiy qarz va 2,2 mlrd so‘m penya undirishga qaror qildi.

Shu tariqa, e’lon qilingan sud qarorlariga ko‘ra, Solfy’dan O‘zmilliybank foydasiga undirilgan mablag‘larning umumiy miqdori 21,32 mlrd so‘mni tashkil etgan.

Shu bilan birga, Solfy’ning O‘zbekistondagi bo‘linmasi bosh direktori Uktam Xasanovga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi va 2026-yil 27-mart kuni u hibsga olindi. Poletayev va Solfy vakillari jinoyat ta’qibi O‘zmilliybank bilan yuzaga kelgan tijoriy nizo bilan bog‘liqligini ta’kidlagan. O‘zmilliybank esa muzokaralar va tegishli huquqiy jarayonlar yakunlanmaguncha ayblovlarni izohlashni noo‘rin deb hisoblashini bildirgan.

Aprel oyida Poletayev va Solfy’ning yuridik maslahatchisi Amsterdam & Partners xalqaro arbitrajga murojaat qilish niyatini bildirgan. Spot e’lon qilgan tahliliy materialda ham Robert Amsterdamning pozitsiyasi keltirilgan bo‘lib, u Investitsiya nizolarini hal qilish xalqaro markazida (MTSUIS) arbitraj da’vosi tayyorlanayotganini aytgan va talab qilinishi mumkin bo‘lgan mablag‘ni $45−55 mln oralig‘ida baholagan.


Avvalroq Spot O‘zbekiston Anorbank ta’sischisi Qahramonjon Olimovni xalqaro qidiruvga bergani haqida yozgandi.