Namangan viloyati Mingbuloq tumanida faoliyat yurituvchi korxonada chek rasmiylashtirishdagi xato sabab 6,75 mlrd so‘mlik chek shakllantirildi. Bu haqda Biznes-ombudsman xabar berdi.

2026-yil may oyida onlayn kassa orqali chek rasmiylashtirilayotganda inson omili sabab 450 ming so‘mlik dizel yoqilg‘isi o‘rniga 450 ming litr ma‘lumoti kiritilgan.

Natijada onlayn nazorat-kassa mashinasida 6,75 mlrd so‘mlik chek shakllanib, korxonaga amalda mavjud bo‘lmagan daromad hamda asossiz soliq majburiyatlari hisoblangan.

Tadbirkor xatoni tuzatish va chekni tahrirlash bo‘yicha murojaat qilgan, biroq tahrirlash muddati o‘tib ketgani sabab unga amaliy yordam ko‘rsatish rad etilgan.

Shundan so‘ng Biznes-ombudsman tadbirkor manfaatida Namangan tumanlararo ma‘muriy sudiga ariza kiritdi.

Sud arizani to‘liq qanoatlantirib, rad etish bilan bog‘liq harakatlarni qonunga xilof deb topdi. Soliq qo‘mitasi va Namangan viloyati soliq boshqarmasi zimmasiga tadbirkorga noto‘g‘ri shakllantirilgan chekni tahrirlash imkoniyatini yaratish majburiyati yuklatildi.

Spot, avvalroq, Sirdaryoda Biznes-ombudsman aralashuvidan so‘ng tadbirkorning 9,6 mlrd so‘mlik muammosi hal etilgani haqida yozgandi.