Sirdaryo viloyatida soliq hisobotidagi texnik xatolik sabab 9,6 mlrd so‘mlik mablag‘i hisobga olinmagan tadbirkorning huquqlari tiklandi. Bu haqda Biznes-ombudsman xabar berdi.
O.O.D.M. aksiyadorlik jamiyati tomonidan taqdim etilgan hisobotda texnik xatolik tufayli QQS summasining bir qismi hisobga olinmay qolgan. Korxona xatoni tuzatish uchun qayta aniqlashtirilgan hisobot yuborgan, biroq Sirdaryo viloyati soliq boshqarmasi uni rad etgan.
Guliston tumanlararo ma‘muriy sudi tadbirkorning arizasini to‘liq qanoatlantirib, soliq organiga hisobotlarni qayta qabul qilish majburiyatini yuklagan.
Keyinchalik Sirdaryo viloyat ma‘muriy sudining apellyatsiya hamda Jizzax viloyat sudining taftish instansiyalari ushbu qarorni o‘zgarishsiz qoldirib, soliq organining shikoyatlarini rad etgan.
Shunga qaramay, sud qarorlari ijro etilmagan. Natijada korxonaning 9,6 mlrd so‘mi shaxsiy hisobvarag‘iga o‘tkazilmay, sun‘iy qarzdorlik yuzaga kelgan. Buning oqibatida korxonaga 350 mln so‘mdan ortiq penya hisoblangan.
Biznes-ombudsman sud qarorlari ijrosini ta‘minlash hamda tadbirkorning manfaatlarini tiklash maqsadida Soliq qo‘mitasiga tegishli xulosa kiritdi.
Natijada korxonaning 2022-yil dekabr oyi uchun taqdim etgan QQS hisoboti qabul qilinib, tadbirkorning huquqlari tiklandi.
Spot, avvalroq, Farg‘onada qamoqda bo‘lgan tadbirkor soliq hisobotlarini topshirmagani uchun 17 marta jarimaga tortilgani haqida yozgandi.