Farg‘onada ozodlikdan mahrum etish jazosini o‘tayotgan tadbirkorga nisbatan qo‘llanilgan 17 ta ma‘muriy jarima bekor qilindi. Bu haqda Biznes-ombudsman xabar berdi.

B.B.B. va M.F. korxonalari rahbari soliq inspeksiyasi tomonidan qo‘llanilgan ma‘muriy jarimalardan norozi bo‘lib, Biznes-ombudsmanga murojaat qilgan.

Farg‘ona shahar soliq inspeksiyasi mazkur korxonalar soliq hisobotlarini belgilangan muddatlarda taqdim etmagani uchun 2024-yil 17-oktabrdan 2025-yil 28-avgustgacha Ma‘muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 175-moddasi 2-qismi asosida jarimalar qo‘llagan.

O‘rganish davomida tadbirkor Jinoyat ishlari bo‘yicha Farg‘ona shahar sudining 2024-yil 18-apreldagi hukmiga ko‘ra 3 yil 1 oyga ozodlikdan mahrum etilgani ma‘lum bo‘lgan. U 2024-yil 17-oktabrdan 2026-yil 6-maygacha ozodlikdan mahrum etish jazosini o‘tagan.

Biznes-ombudsman soliq inspeksiyasi ishni to‘liq va xolisona o‘rganmaganini qayd etib, Farg‘ona viloyati soliq boshqarmasiga ma‘muriy qarorlarni bekor qilish bo‘yicha xulosa kiritgan.

Natijada tadbirkorga ozodlikdan mahrum etilgan davrda qo‘llanilgan 17 ta ma‘muriy jarima bekor qilingan.

Spot, avvalroq, Qoraqalpog‘istondagi korxona Biznes-ombudsman yordamida yer solig‘ini 10 baravarga kamaytirgani haqida yozgandi.