Biznes-ombudsman Qoraqalpog‘istonda faoliyat yurituvchi V.S. korxonaga soliq imtiyozidan foydalanishda yordam berdi. Bu haqda idora matbuot xizmati xabar berdi.
Tuz qazib olish bilan shug‘ullanuvchi korxona rahbari soliq imtiyozini qo‘llashda amaliy yordam so‘rab Biznes-ombudsmanga murojaat qilgan. Kompaniyaga Qo‘ng‘irot tumanidagi Qirq qiz OFY hududidan tuz qazib olish uchun 19,8 gektar yer maydoni ajratilgan.
Soliq kodeksi va tuman xalq deputatlari kengashi qaroriga ko‘ra, mazkur hududda 1 gektar yer uchun 26,368 mln so‘m soliq stavkasi belgilangan. Natijada kompaniyaga 19,8 gektar yer maydoni uchun 522,08 mln so‘m soliq hisoblangan.
Biroq Soliq kodeksining 429-moddasiga ko‘ra, konlar va karerlar egallagan yerlar uchun belgilangan soliq stavkalariga 0,1 koeffitsient qo‘llaniladi.
Biznes-ombudsman ko‘magida kompaniyaning soliq qarzdorligi 470 mln so‘mga qisqartirildi. Qayta hisob-kitobdan so‘ng to‘lanishi lozim bo‘lgan soliq miqdori 52 mln so‘mni tashkil etdi.
Spot, avvalroq, Andijonda tadbirkorga qo‘llanilgan 10 mlrd so‘mdan ortiq soliq va jarimalar bekor qilingani haqida yozgandi.