Andijon viloyatida tadbirkorga qo‘llanilgan 10 mlrd so‘mdan ortiq soliq va moliyaviy jarimalar sud tomonidan bekor qilindi. Bu haqda Biznes-ombudsman xabar berdi.
I.U.T.S. korxonasi rahbari Andijon viloyati soliq boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan soliq auditi natijalari hamda zimmasiga noqonuniy yuklatilgan majburiyatlardan norozi bo‘lib, Biznes-ombudsmanga murojaat qilgan.
O‘rganishlar davomida soliq boshqarmasi mansabdor shaxsi tekshiruvni Yagona davlat nazorati axborot tizimi orqali tashabbus qilish va elektron ro‘yxatdan o‘tkazish, shuningdek, tekshiruvni o‘tkazish jarayonida Soliq kodeksi hamda tadbirkorlik faoliyatini tekshirishga oid qonunchilik talablariga rioya qilmagani aniqlangan.
Natijada tadbirkorga 10 mlrd so‘mdan ortiq soliq va moliyaviy jarimalar qo‘llanilgan.
Holat yuzasidan soliq boshqarmasi mansabdor shaxsiga nisbatan Ma‘muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 241²-moddasi — tadbirkorlik subyektlari faoliyatini tekshirish tartibini buzish bo‘yicha ma‘muriy bayonnoma rasmiylashtirildi.
Soliq organi mansabdor shaxsiga 16,48 mln so‘m miqdorida ma‘muriy jarima tayinlandi.
Shuningdek, Andijon tumanlararo ma‘muriy sudi Andijon viloyati soliq boshqarmasining tadbirkorga nisbatan chiqargan qarori hamda 10 mlrd so‘mdan ortiq soliq va moliyaviy jarimalarni bekor qildi.
Spot, avvalroq, Toshkentda 40 ga yaqin tadbirkor Biznes-ombudsman aralashuvidan so‘ng elektr tarmoqlariga ulangani haqida yozgandi.