O‘zbekiston tadbirkor Qahramonjon Olimovni xalqaro qidiruvga berdi. Interpol — Xalqaro jinoiy politsiya tashkiloti saytida tegishli qidiruv kartochkasi paydo bo‘ldi.
Kartochkada Olimov 1977-yil 7-mayda Andijon viloyatida tug‘ilgani ko‘rsatilgan. U o‘zbek, rus va ingliz tillarini biladi. Kartochkada uning fotosurati mavjud emas.
Shu bilan birga, Interpol saytida uni qidiruvga berish sababi ko‘rsatilmagan. Ayblov mazmuni, odatda, qidiruvni so‘ragan tomon taqdim etgan shaklda keltiriladi.

Olimovga nisbatan “qizil bildirishnoma” (Red Notice) e’lon qilingan. Bu turli davlatlarning huquqni muhofaza qiluvchi organlariga shaxsning qayerdaligini aniqlash va uni keyinchalik ekstraditsiya qilish yoki qonunda nazarda tutilgan boshqa choralarni ko‘rish uchun vaqtincha ushlab turish haqidagi so‘rovdir.
Bu xalqaro hibsga olish orderi emas: shaxsni ushlab turish to‘g‘risidagi qaror har bir davlatning o‘z qonunchiligiga muvofiq qabul qilinadi. Interpol ham qidiruvdagi shaxsni tashkilotning o‘zi emas, balki so‘rov yuborgan davlat qidirayotganini ta’kidlaydi.
Anorbank Spot so‘roviga javoban rasmiy izoh berdi. Bankning ma’lum qilishicha, alohida aksiyadorning shaxsiy hayotiga oid holatlar bank faoliyati, uning kapitali, boshqaruvi yoki bank operatsiyalari bilan bog‘liq emas.
Anorbank belgilangan tartibda faoliyatini davom ettirmoqda. Bank faoliyatiga oid ma’lumotlar rasmiy kanallar orqali va qonunchilik talablariga muvofiq e’lon qilinadi.
Olimovga nisbatan sirtdan hibsga olish va uni xalqaro qidiruvga berish haqidagi ma’lumotlar ilk bor 18-sentabr kuni The Insider nashri xabaridan ma’lum bo‘lgan. Biroq o‘sha paytda Spot Interpol saytida tegishli qidiruv kartochkasini topmagan. Demak, kartochka shu hafta paydo bo‘lgan.
Avvalroq Spot xususiy Anorbank va uning ta’sischisi Qahramonjon Olimov atrofida yuz berayotgan voqealar haqida batafsil ma’lumot bergan.
Qahramonjon Olimov kim?
KTYDR ma‘lumotlariga ko‘ra, Qahramonjon Olimov Anorbank kuzatuv kengashi a’zosi bo‘lib, bank aksiyalarining 49,4% iga egalik qiladi. Yana 50% aksiya Niderlandiyada ro‘yxatdan o‘tgan Bekamin B.V. kompaniyasiga, 0,6% i esa Kapital Sug‘urtaga tegishli.

Yaqin vaqtgacha Olimov Anorbankning 99,4% aksiyasiga bevosita egalik qilgan, biroq 2025-yil dekabr oyida aksiyalarning nazorat paketini Niderlandiyada ro‘yxatdan o‘tgan Bekamin B.V. kompaniyasiga o‘tkazgan. Natijada uning bankdagi ulushi 99,4% dan 49,4% gacha kamaygan.
Qahramonjon Olimov 1977-yilda tug‘ilgan. U 1999-yilda Andijon muhandislik-iqtisodiyot institutini “Moliya va kredit” mutaxassisligi bo‘yicha tamomlagan. 2012-yilda esa O‘zbekiston prezidenti huzuridagi Davlat va jamiyat qurilishi akademiyasi qoshidagi Oliy biznes maktabida tahsil olib, biznes boshqaruvi magistri (MBA) darajasini olgan.
Markaziy bank izohi
Markaziy bank ham alohida aksiyador bilan bog‘liq vaziyat Anorbank‘ning joriy operatsion faoliyati va moliyaviy barqarorligiga bevosita ta‘sir ko‘rsatmasligini ma‘lum qildi.
Regulyatorning xabar berishicha, bank depozit, kredit, to‘lov va boshqa xizmatlarni uzluksiz taqdim etishda davom etmoqda, mijozlar oldidagi majburiyatlarini bajarmoqda va faoliyat uzluksizligini ta‘minlamoqda.
2026-yil 1-sentabr holatiga ko‘ra, Anorbank aktivlari 21,4 trln so‘mni, majburiyatlari esa 19,8 trln so‘mni tashkil etdi.
Yuqori likvidli aktivlarning jami aktivlardagi ulushi minimal talab 10% bo‘lgan holda 16,9% ni tashkil etdi. Likvidlikni qoplash normativi (LCR) 116% ni, sof barqaror moliyalashtirish normativi (NSFR) esa minimal talab 100% bo‘lgan holda 128% ni tashkil etdi.
Bankning regulyativ kapitali yetarlilik koeffitsiyenti minimal talab 12% bo‘lganida 13% ni tashkil etdi.
Markaziy bankning qayd etishicha, ushbu ko‘rsatkichlar Anorbank likvidlik va kapital yetarliligi bo‘yicha amaldagi prudensial talablarga rioya qilayotganidan dalolat beradi.
Avvalroq Spot O‘zbekiston tadbirkor Mo‘minjon Yo‘ldoshevga xalqaro qidiruv e’lon qilgani haqida yozgandi.