Toshkentning Chilonzor tumanidagi Beshyog‘och mahallasida sun’iy ko‘lga ega yangi dam olish maskani qurilmoqda. Bu haqda Toshkent shahar hokimligi ma’lum qildi.

Loyihaning umumiy maydoni 2,3 gektarni tashkil etadi, shundan 18,7 ming kv. metri sun’iy ko‘l uchun ajratilgan. Ko‘lning sig‘imi qariyb 37,4 ming kub metr bo‘ladi.

Loyiha doirasida 150 tup daraxt va buta ko‘chatlari ekiladi, umumiy uzunligi 4,6 km bo‘lgan piyodalar va velosiped yo‘laklari hamda ikkita favvora quriladi.

Ko‘l hududida 30 metr balandlikdagi aylanuvchi arka shaklidagi ramziy darvoza o‘rnatish rejalashtirilgan. Dastlabki loyihaga ko‘ra, arka ichida ikkita lift bo‘ladi.

Inshootning me’moriy konsepsiyasini ishlab chiqishda italiyalik mutaxassislarning takliflari o‘rganilgan va mahalliy mutaxassislar tomonidan qayta ishlangan. Loyihachi Lider Prof Proyekt kompaniyasi arkaning konstruktiv va mexanik yechimlarini ishlab chiqish uchun xitoylik mutaxassislar bilan hamkorlik qilish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda.

Maskan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi yonida — Magic City va Milliy bog‘ yaqinida joylashadi. Foydalanishga topshirilgach, unga kuniga 3 ming nafargacha odam tashrif buyurishi kutilmoqda.

Loyiha Toshkent shahar hokimligining Yagona buyurtmachi xizmati injiniring kompaniyasi buyurtmasi asosida amalga oshirilmoqda. Uning qiymati va qurilish muddati ma’lum qilinmagan.

Avvalroq Spot Toshkentda 15 daqiqalik mahalla tamoyili asosida 400 ta mahalla yangilanishi haqida yozgan edi.