O‘zbekistonning oltin-valyuta zaxiralari ketma-ket ikkinchi oy qisqardi. Bu haqda Markaziy bank hisobotida keltirilgan.

1-noyabr holatiga ko‘ra, mamlakat xalqaro zaxiralarining umumiy hajmi $63,63 mlrd ni tashkil etdi. Bu o‘tgan oydagi ko‘rsatkichga nisbatan $2,96 mlrd ga yoki 4,45% ga kam.

Markaziy bank omborlaridagi oltin qiymati $2,04 mlrd ga (-3,39%) pasayib, $58,04 mlrd ni tashkil qildi. Biroq, uning fizik hajmi 14,3 mln troya unsiyadan 14,6 mln troya unsiyaga (taxminan 454 tonna) oshdi.

Oktabr oyi yakunlariga ko‘ra zaxiralarning valyuta qismi $5,01 mlrd ni tashkil etib, bir oy oldingiga nisbatan $921 mln ga (-15,52%) kamaydi. Boshqa banklar hisobvaraqlaridagi naqd xorijiy valyuta va depozitlar hajmi 8,9% ga qisqarib, $3,86 mlrd ni tashkil qildi. Bunga boshqa mamlakatlarning markaziy banklari va Xalqaro valyuta jamg‘armasidagi (XVJ) $1,07 mlrd (-2,52%), shuningdek, xorijiy banklardagi $2,78 mlrd (-11,15%) kiradi.

O‘z navbatida, shu davrda Markaziy bank balansidagi xorijiy qimmatli qog‘ozlar hajmi $543,2 mln ga qisqarib, $1,15 mlrd ni (-32,1%) tashkil etdi. Shu bilan birga, ularning jami zaxiralardagi ulushi bir oy oldingi 2,54% dan 1,8% gacha pasaydi.

Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekiston sentabr oyida oltin eksportini tiklamadi. To‘qqiz oy ichida qimmatbaho metall yetkazib berish 3,5 barobarga kamayib, $2,8 mlrd ni tashkil etdi.

Avvalroq Spot Jizzaxda qariyb 10 tonna oltinni noqonuniy qazib olgan fuqaro 2,5 yilga qamalgani haqida yozgan edi.