O‘zbekistonliklarni Yaponiyada oshpaz bo‘lib ishlashga tayyorlash dasturi yo‘lga qo‘yiladi. Bu haqda agentlik matbuot xizmati ma’lum qildi.

Migratsiya agentligi Yaponiyaning M&K va Yo’l Japan LLC kompaniyalari hamda Kanazawa Professional University of Food Management vakillari bilan oshpazlik sohasida mutaxassislar tayyorlash va ularni ishga joylashtirishni muhokama qildi.

Muzokaralar natijasida dastlabki bosqichda 40 nafar o‘zbekistonlikni Yaponiya standartlari asosida tayyorlash bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Dastur ikki bosqichda tashkil etiladi:

  • 6 oy O‘zbekistonda. Ishtirokchilar Intil markazi va Bo‘stonliq tumanidagi kasbiy ta’lim muassasasida yapon tili va oshpazlikni o‘rganadi.
  • 1 yil Yaponiyada. Ishtirokchilar kasbiy ta’limni davom ettirgan holda ishlaydi.

Dastur davomida ishtirokchilar Yaponiyada davlat tomonidan tan olingan oshpazlik litsenziyasini olishga tayyorlanadi. Talablarni bajarib, litsenziya olgan mutaxassislar dunyo bo‘ylab yapon restoranlarida ishlashi mumkin bo‘ladi.

Agentlik ro‘yxatdan o‘tish tartibi tasdiqlangach, qo‘shimcha ma’lumot berishini ma’lum qildi.

Avvalroq Spot Toshkentda xorijga malakali kadrlar tayyorlaydigan Intil markazi ishga tushgani haqida yozgan edi.