Toshkent markazidagi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi binosi 9-noyabr kuni E-auksion platformasida sotildi. Bu haqda agentlik matbuot xizmati xabar berdi.
Onlayn savdolar soat 10:00 da boshlanib, 2 soat 50 daqiqa davom etdi. 52 ta taklifdan so‘ng Jarkurgan Build Group kompaniyasi auksion g‘olibi deb topildi.
Boshlang‘ich qiymati 165,5 mlrd so‘m bo‘lgan obyekt 251,6 mlrd so‘mga sotildi. Natijada yakuniy narx boshlang‘ich narxdan 52% ga oshdi.
Mirobod tumanining Amir Temur shohko‘chasi va Buxoro ko‘chasi kesishmasida joylashgan to‘rt qavatli ofis binosi 2025-yil sentabr oyida auksionga qo‘yilgan edi. Hozirda bu yerda Davlat aktivlarini boshqarish agentligi ofisi joylashgan. Bungacha binoda Toshkent shahar hokimiyati faoliyat yuritgan.
Obyekt ichki hovlini o‘z ichiga olgan holda 0,66 gektar maydonni egallaydi. Bino va inshootlarning umumiy maydoni 11 ming kvadrat metrni tashkil etadi. Unda suv, elektr energiyasi va kanalizatsiya tarmog‘i mavjud.



Agentlik binosi 2025-yil mart oyida qabul qilingan Vazirlar Mahkamasi qaroriga muvofiq sotilmoqda. Xaridor undan shaharsozlik me’yorlariga asosan ofis va xizmat ko‘rsatish sohasidagi biznes uchun foydalanishi mumkin.
KTYDR ma’lumotlariga ko‘ra, Jarkurgan Build Group kompaniyasi 2024-yil avgust oyida poytaxtda tashkil etilgan va turar-joy binolarini qurish bilan shug‘ullanadi. Ustav fondi — 28,6 mlrd so‘m.
Kompaniyaning eng yirik ta’sischisi 61,51% ulush bilan Palace of Energy firmasi hisoblanadi. Ushbu firma to‘liq Jaxongir Tashpulatovga tegishli. Qolgan 38,49% ulush esa Dilmurod Siddikov ixtiyorida.
Avvalroq Spot Universalbank Yangi Toshkentdagi mehmonxonani 100 mlrd so‘mga sotishi haqida yozgan edi.


