Toshkentning Mirzo Ulug‘bek tumanida mehmonxona binosi sotuvga qo‘yildi, deya xabar berdi E-auksion.
Obyekt Yangi Toshkent hududi yaqinidagi Chingeldi mahallasida joylashgan. Suratlar va ochiq ma‘lumotlarga ko‘ra, gap 12 ta mehmonxonadan iborat majmuadagi Farg‘ona mehmonxonasi haqida ketmoqda.
2025-yilda qurilgan bino besh qavatdan iborat bo‘lib, 62 ta xonani o‘z ichiga oladi. Umumiy maydoni 5373 kvadrat metrni, shundan foydali maydoni 4635 kvadrat metrni tashkil etadi.
Barcha kommunikatsiyalar — suv, kanalizatsiya, gaz va elektr energiyasi mavjud. Suratlarga ko‘ra, mehmonxonada restoran, trenajyor zali va mini-basseyn bor.
Kuzatuv kengashining 19-avgustdagi qaroriga muvofiq, lot sotuvchisi sifatida Universalbank ishtirok etmoqda. Mehmonxona jihozlari bilan, shuningdek, 2073-yilgacha ijaraga ajratilgan 0,32 gektar tutash hududi bilan birga sotilmoqda.









Boshlang‘ich narxi — 100 mlrd so‘m. Savdolar 23-oktyabrga belgilangan.
Shavkat Mirziyoyev 2025-yil avgust oyida Yangi Toshkent hududidagi 12 ta uch yulduzli mehmonxonadan iborat majmuaga tashrif buyurgan edi. O‘shanda nomi ma‘lum qilinmagan bir nechta xususiy banklar bunday obyektlarni boshqarishda o‘z hamkorligini taklif qilgani xabar qilingandi.
Mehmonxonalarni “katta tajribaga ega nufuzli xalqaro kompaniyalar"ga, jumladan Leo Hospitality Solutions, Radisson Individuals va Trademark Collection by Wyndham‘ga boshqaruvga topshirish rejalashtirilgan edi. O‘shanda xabar qilinganidek, majmua yiliga 55 ming nafar sayyohga xizmat ko‘rsatishi mumkin.
Avgust oyida Biznesni rivojlantirish banki majmuaga kiruvchi 124 o‘rinli Qoraqalpog‘iston mehmonxonasiga egalik qiluvchi BRB-InvestDevelopment kompaniyasidagi 99,9% ulushini sotdi. Xaridor obyekt uchun 69,94 mlrd so‘m taklif qilgan Turangroup kompaniyasi bo‘ldi.
Spot avvalroq mehmonxonalar uchun yer va mol-mulk solig‘i imtiyozlari 2030-yilgacha saqlanishi haqida yozgandi.








