Avvalroq Spot Shavkat Mirziyoyevning tadbirkorlar bilan ochiq muloqotida belgilangan vazifalar yuzasidan chora-tadbirlar to‘g‘risidagi prezident farmoni qabul qilingani haqida yozgan edi.
27-avgustdagi farmonda turizm va xizmat ko‘rsatish infratuzilmasini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash choralari belgilandi. Jumladan, uch, to‘rt va besh yulduzli mehmonxonalar qurilishi uchun subsidiyalar ajratish muddati 2029-yil 1-yanvargacha uzaytirildi.
Subsidiyalar olish uchun mehmonxonaning “yulduzli” toifasini tasdiqlashda xorijiy kompaniyaning xulosasi talab etilmaydi.
Turizm sohasi vakillari 2028-yil boshigacha avtobus, elektrobus va mikroavtobuslarni bojxona bojisiz import qilishi mumkin. Shuningdek, mehmonxonalar uchun mol-mulk va yer solig‘i stavkalariga nisbatan 0,1 koeffitsiyent 2030-yil 1-yanvargacha saqlanib qoladi.
Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi (TRK) banklar tomonidan mehmonxona biznesiga 10 yilgacha muddatga beriladigan kreditlar bo‘yicha foiz xarajatlarining bir qismini qoplab beradi.
Yangi mehmonxona qurilishi uchun imtiyoz qo‘llaniladigan kreditning maksimal miqdori 50 mlrd so‘m, rekonstruksiya va jihozlash uchun esa 20 mlrd so‘m etib belgilangan.
Milliy valyutadagi kreditlarda yillik 16% dan oshgan foiz to‘lovlarining bir qismi qoplab beriladi. Valyuta kreditlarida esa kompensatsiya AQSH dollarida SOFR, yevroda EURIBOR, yuanda esa SHIBOR stavkalariga nisbatan qo‘llanadi.
O‘zbekistonda rezident bo‘lgan turoperatorlarning xorijiy sayyohlarga ko‘rsatadigan xizmatlari 0 foizlik QQS stavkasida soliqqa tortiladi.
Kompaniya tarkibidagi “TRK Invest” kompaniyasi xorijiy sayyohlarni jalb qilish maqsadida turistik majmualar, sanatoriylar, tibbiyot va sog‘lomlashtirish markazlarini qurish uchun 30 mlrd so‘mgacha maqsadli kreditlar ajratadi.
Mablag‘lar 10 yilgacha muddatga Markaziy bankning asosiy stavkasidan 2 foiz band past — 12% stavkada beriladi.
Avvalroq Spot Surxondaryoda Sangardak turizm majmuasining birinchi bosqichi ochilgani haqida yozgandi.