Surxondaryo viloyatining Sariosiyo tumanida Sangardak turizm majmuasining birinchi bosqichi foydalanishga topshirildi. Bu haqda Turizm qo‘mitasi xabar berdi.

Markaz hududida umumiy qiymati $76 mln bo‘lgan 152 ta loyihani amalga oshirish rejalashtirilgan.

Hozirgacha mehmon uylari, bungalov va shale uylar, restoran, ayvonlar, zipline, arg‘imchoq hamda boshqa xizmat ko‘rsatish obyektlarini o‘z ichiga olgan 37 ta loyiha ishga tushirilgan.

Shuningdek, Avstriyaning Doppelmayr Seilbahnen GmbH kompaniyasi tomonidan 1535 metr uzunlikdagi zamonaviy dor yo‘li barpo etilib, hozirda tashrif buyuruvchilarga xizmat ko‘rsatmoqda.

Mazkur loyiha yiliga 800 ming nafargacha sayyohga xizmat ko‘rsatish imkonini beradi. Majmua hududida 14 km ichimlik suvi, 4,2 km oqova suv va 3,2 km elektr tarmoqlari tortilgan.

Bundan tashqari, uchta suv rezervuari va sakkizta transformator punkti barpo etilib, 4 km yo‘l asfaltlangan hamda zarur yo‘l infratuzilmasi yaratilgan.

2025-yilning iyunida Sangardak yirik sayyohlik markazining qurilishi boshlangandi. Umumiy qiymati 913,3 mlrd so‘mlik loyiha 615 gektar maydonni qamrab olgan.

Bugungi kunga kelib, 1,6 kilometr uzunlikdagi arqonli yo‘lning tayanch ustunlarini o‘rnatish va boshlang‘ich nuqtasini jihozlash ishlari yakuniga yetkazildi. Bundan tashqari, majmuada “zip-line” va piknik hududlari, sanatoriy, madaniy-ko‘ngilochar klaster, shuningdek:

  • 20 dan ortiq restoran, kafe va barlar;
  • 296 ta savdo shoxobchasi;
  • 6 ta mehmonxona (shundan 2 tasi besh yulduzli);
  • 10 ta mehmon uyi.

16-dekabr kuni “Surxondaryo viloyatining tog‘li-rekreatsion hududlarida turizm infratuzilmasini yaxshilash hamda zamonaviy xizmat ko‘rsatish va turizm obyektlarini barpo etish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi prezident qarori qabul qilindi.

Hujjat bilan viloyatning quyidagi uchta tumanida turistik markazlar tashkil etiladi:

  • Omonxona — Boysun tumanining 220,5 gektar yer uchastkasida;
  • Sangardak — Sariosiyo tumanining 615 gektar yer maydonida;
  • Obihayot — Jarqo‘rg‘on tumani, “Oqtepa” suv omborining qirg‘oq bo‘yi hududidagi 110 gektar yer uchastkasida.

Xususiy investitsiyalar asosida bo‘sh yer uchastkalari 10 yil muddatda teng ulushlarda bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan beriladi. Natijada, 2025−2027 yillarda mehmonxonalar, oilaviy mehmon uylari, xizmat ko‘rsatish majmualari va dam olish maskanlari quriladi.

Spot, avvalroq, mehmonxonalarga kredit, soliq va subsidiya: turizm biznesiga yangi imtiyozlar berilishi haqida yozgandi.