Avvalroq prezident Xorazmda tadbirkorlar bilan ochiq muloqot o‘tkazayotgani haqida xabar berilgandi.
Taʼkidlanishicha, yil boshidan O‘zbekistonga 8 mln xorijlik sayyoh tashrif buyurdi, ularning mamlakatda qolish muddati 8 kungacha uzaydi. Davlat rahbari turizm islohotlari aholi daromadida yana-da ko‘proq sezilishi kerakligini aytdi.
Mehmonxona qurish, rekonstruksiya qilish va jihozlash uchun $50 mln resurs ajratiladi. Tadbirkorlarga 10 yil muddatga milliy valyutada 16% li kredit beriladi.
Uch, to‘rt va besh yulduzli mehmonxona qurish uchun subsidiya berish muddati yana ikki yilga uzaytiriladi. Subsidiya uchun mehmonxona “yulduzi"ni tasdiqlashda xorijiy kompaniya xulosasini talab qilish amaliyoti bekor qilinadi.
Mehmonxonalar uchun yer va mulk solig‘ini 10 barobar kam stavkada to‘lash imtiyozi 2030-yilgacha uzaytiriladi. 50 tadan ko‘p joylashtiruv o‘rniga ega mehmonxonalarga naqd valyuta qabul qiladigan bankomatlarni banklarning o‘zi o‘rnatib beradi.
Turoperatorlarning xorijlik turistlarga ko‘rsatgan xizmati eksportga tenglashtirilib, QQSdan ozod qilinadi.
Turistik avtobus, elektrobus va mikroavtobuslar olib kelishdagi bojxona imtiyozi yana bir yilga uzaytiriladi. Bunday transport vositalari uchun utilizatsiya yig‘imi ham undirilmaydi.
Prezident muloqot yakunida iqtisodiyotni yangi bosqichga olib chiqish bo‘yicha asosiy maqsadlarni belgilab berdi.
“Biz 40 millionli xalqmiz. Odamlarimiz hayotini yana-da yaxshilash uchun yuqori iqtisodiy o‘sishni saqlab qolishimiz zarur”, — dedi davlat rahbari.
Joriy yil yalpi ichki mahsulotni $180 mlrddan, eksportni $40 mlrddan oshirish marrasi olingan. Buning uchun tadbirkorlarga yuqori daromadli ish o‘rinlari, qo‘shilgan qiymat va tashqi bozorlarni kengaytirish uchun barcha sharoitlar yaratib boriladi.
Toshkentda eksportga yo‘naltirilgan biznes, Andijon, Farg‘ona va Namanganda to‘liq zanjirli to‘qimachilik va mashinasozlik, Samarqand, Buxoro va Xorazmda turizm, kreativ industriya va agrosanoat brendlari yangi o‘sish nuqtalari bo‘lishi kerakligi taʼkidlandi.
Navoiy va Toshkent viloyatida tog‘-kon, metallurgiya va ilmiy kimyo, Qashqadaryo va Surxondaryoda agrosanoat va neft-gaz kimyosida uzun qo‘shilgan qiymat zanjirlarini yaratish vazifasi qo‘yildi. Qoraqalpog‘istonda “yashil” energetika, AT va sunʼiy intellekt iqtisodiy drayverga aylantiriladi.
Jizzax va Sirdaryoda avtomobilsozlik, elektrotexnika va qurilish materiallari bo‘yicha raqobatbardosh klasterlar rivojlantiriladi.
“Ana shunda odamlarimiz chetga chiqib ishlashiga zarurat qolmaydi, Yangi O‘zbekiston tadbirkorlari yangi rivojlanish bosqichiga chiqadi. Ishonchim komil, bunga kuchimiz ham, imkoniyatimiz ham, salohiyatimiz ham yetadi!” — dedi davlat rahbari.
Spot, avvalroq, tadbirkorlar uchun 30 dan ortiq litsenziya va ruxsatnoma bekor qilinishi haqida yozgandi.