Avvalroq prezident Xorazmda tadbirkorlar bilan ochiq muloqot o‘tkazayotgani haqida xabar berilgandi.
Davlat rahbari uchinchi yo‘nalish sifatida “sun'iy intellekt — boshqaruv samaradorligi — yangi investitsiyalar” ekotizimini yaratish vazifasini belgiladi.
“Bugun qaysi tadbirkor qo‘shilgan qiymatni ko‘paytirsa, sun’iy intellekt yordamida unumdorlikni oshirsa, tannarx bo‘yicha izlansa, ertangi bozor uniki”, — dedi prezident.
Tahlillarga ko‘ra, zamonaviy boshqaruv va sun’iy intellekt yondashuvlarini joriy qilgan tadbirkorlarning 54% da mahsulotga talab keskin ortgan. 25% da tannarx kamayib, 40% da daromad o‘sishi hisobiga ishchilarning oyligi 10% dan ko‘proq ko‘tarilgan.
Raqamli hukumat loyihalarini boshqarish markazida birinchi superkompyuter klasteri ishga tushirildi. Kelasi yil uning quvvati 3 karra oshiriladi.
“10 ming korxona uchun — sun’iy intellekt hamkor” dasturi boshlanadi. Korxonalarga sun’iy intellekt joriy qilish xarajatining 50% kompensatsiya qilinadi.
Yangi mahsulot uchun sun’iy intellekt modelini yaratishda superkompyuterdan bepul foydalanish imkoni beriladi. Ilmiy-tadqiqot xarajatlari ham budjetdan qoplanadi.
Tadbirkorlar foydalanishi uchun tayyor sun’iy intellekt dasturlari ochiq platformaga joylashtiriladi. Dasturning birinchi bosqichiga kamida $100 mln ajratiladi.
To‘qimachilikdagi tajriba elektrotexnika, qurilish materiallari va oziq-ovqat sanoatiga ham tatbiq etiladi. Ushbu korxonalarda avtomatlashgan boshqaruv tizimlarini joriy etish xarajatining 50% qoplab beriladi.
Avvalroq Spot Xivada SI va xalqaro biznes bo‘yicha kadrlar tayyorlaydigan Xitoy OTM filiali ochilgani haqida yozgan edi.