Chilonzor tumanida Anhor kanali bo‘yida yangi saylgoh barpo etilmoqda, deya xabar berdi Toshkent shahar hokimligi.

Loyiha kanal bo‘ylarini ko‘kalamzorlashtirish, piyodalar va velosipedchilar uchun qulay yo‘laklar yaratish hamda aholi uchun zamonaviy dam olish maskanini barpo etishni nazarda tutadi.

Xususan, Anhor kanalining Bunyodkor ko‘chasidan Naqqoshlik ko‘chasigacha bo‘lgan 1,7 kilometrlik qismida qurilish va obodonlashtirish ishlari davom etmoqda.

Qayd etilishicha, ayni paytga qadar kanal o‘zanining 500 metrdan ortiq qismida betonlash ishlari bajarilgan.

Loyihaga muvofiq, kanal bo‘ylab umumiy uzunligi 3,4 kilometr bo‘lgan velosiped va piyodalar yo‘laklari quriladi.

Shuningdek, kanalning ikki qirg‘og‘ini bog‘lovchi uchta ko‘prik barpo etiladi. Aholi xavfsizligini ta’minlash uchun kanal qirg‘oqlari bo‘ylab himoya panjaralari ham o‘rnatiladi.

Hududning ekologik holatini yaxshilash va saylgohning tabiiy jozibadorligini oshirish maqsadida 500 dan ortiq daraxt va buta ko‘chatlarini ekish rejalashtirilgan.

Hozirda qurilish va obodonlashtirish ishlariga 100 nafarga yaqin ishchi hamda 12 ta maxsus texnika jalb qilingan.

Loyihani 2027-yil may oyida yakunlash va yangi saylgohni foydalanishga topshirish mo‘ljallangan.


Avvalroq Spot Toshkentdagi 62 ta ko‘chada sayr hududlari va gavjum ko‘chalar tashkil etishga 22 mlrd so‘m ajratilishi haqida yozgandi.