Toshkent shahrining turli tumanlarida sohilbo‘yi hududlari, gavjum ko‘chalar, turizm mahallalari, festival ko‘chalari va soyali sayr ko‘chalarini tashkil etish rejalashtirilmoqda. Bu haqda Shavkat Umurzakovning 12-oktabrdagi qarori e’lon qilingan.
Qayd etilishicha, ushbu obyektlar bo‘yicha loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish uchun 22,146 mlrd so‘m ajratish taklif etildi.
Hujjatga ilova qilingan manzilli ro‘yxatga ko‘ra, ishlar poytaxtning barcha tumanlaridagi 62 ta hududni qamrab oladi. Jumladan, loyihalarni Bektemir, Mirzo Ulug‘bek, Mirobod, Olmazor, Sergeli, Uchtepa, Chilonzor, Shayxontohur, Yunusobod, Yakkasaroy, Yangihayot va Yashnobod tumanlarida amalga oshirish rejalashtirilgan.
Tegishli qaror loyihasiga ko‘ra, mablag‘lar Toshkent shahar hokimligi huzuridagi Toshkent shahrini rivojlantirish jamg‘armasi hisobidan ajratilishi ko‘zda tutilgan. Buning uchun Toshkent Invest kompaniyasi kuzatuv kengashiga tegishli taklif kiritiladi.
Obyektlarda loyihalash va qurilish-ta'mirlash ishlarini tashkil etish bo‘yicha buyurtmachi etib Toshkent shahar hokimligining “Yagona buyurtmachi xizmati” injiniring kompaniyasi belgilanadi.
Kompaniya obyektlarni loyihalash va qurish uchun bosh loyihachi hamda pudrat tashkilotlarini belgilangan tartibda tanlaydi. Shuningdek, zarur hollarda qurilish ishlarini amalga oshirish uchun tegishli hujjatlarni rasmiylashtiradi.
Ajratiladigan mablag‘larning moliyalashtirilishi Toshkent shahar G‘aznachilik xizmati boshqarmasi tomonidan ta’minlanadi.
Mablag‘larning maqsadli sarflanishi uchun esa buyurtmachi kompaniya mas’ul bo‘ladi. Davlat moliyaviy nazorati inspeksiyasining Toshkent shahar boshqarmasi mablag‘larning sarflanishi ustidan nazorat olib boradi.
Bundan tashqari, moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha mas’ullar hamda Toshkent Invest kompaniyasi ajratilgan mablag‘larning ijrosi yuzasidan Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashiga hisobot taqdim etadi.
Qaror ijrosini nazorat qilish Toshkent shahar hokimining birinchi o‘rinbosarlari zimmasiga yuklanishi belgilangan.
Avvalroq Spot Toshkentdagi Abdulla Qodiriy ko‘chasida ikkita gastronomik hudud tashkil etilishi haqida yozgandi.