Toshkent shahar hokimiyati Shayxontohur tumanidagi Abdulla Qodiriy ko‘chasi bo‘ylab gastronomik zonalar tashkil etishni tasdiqladi. Hokim Shavkat Umurzoqovning 15-sentabrdagi qarori E-qarorda e’lon qilingan.

Loyiha davlat-xususiy sheriklik asosida amalga oshiriladi. Davlat hamkori sifatida Tashkent Invest kompaniyasi ishtirok etadi. Unga loyiha hududidagi yerlarni xususiy investorlarga 10 yilgacha muddatga berishga ruxsat etilgan.

Xaridorlarga jami 0,5 gektar maydondagi 8 ta lot taklif etiladi. Ular Jangoh massivining 9 va 10-uylar, shuningdek, C-13 (Labzak) massivining 9 va 35-uylar yaqinida joylashgan. Eng katta yer maydoni 1473 kvadrat metr, eng kichigi esa qariyb 61 kvadrat metrni tashkil etadi.

Tashkent Invest lotlarni 10 kun ichida — 25-sentabrgacha — E-auksion orqali onlayn savdoga chiqarishi kerak. Boshlang‘ich narx hudud uchun belgilangan yer solig‘i stavkasiga teng bo‘lib, 321,5 mln so‘mni tashkil etadi.

Xususiy hamkor loyihaga Markaziy bank kursi bo‘yicha $1 mln gacha, biroq kamida 11 mlrd so‘m investitsiya kiritishi kerak. Buning uchun hujjat ro‘yxatdan o‘tkazilgan kundan boshlab uch oy vaqt beriladi.

Investor hududda yengil, kapital bo‘lmagan konstruksiyalardan zamonaviy oshxonalar va savdo shoxobchalari, avtomobil to‘xtash joylari hamda kamida bitta jamoat hojatxonasini tashkil qilishi mumkin. Yangi obyektlarda olti oy ichida kamida 20 kishi, jumladan, ijtimoiy “daftarlar"ga kiritilgan 4 nafar fuqaro ish bilan ta’minlanishi kerak.

Obyektlarning joylashuv sxemasi Toshkent shahar hokimiyati bilan kelishiladi. Xususiy hamkor obodonlashtirish va qurilish ishlarini me’moriy, sanitariya, ekologik me’yorlar, yo‘l harakati qoidalari hamda yong‘in xavfsizligi talablariga rioya qilgan holda amalga oshirishi mumkin.

Gastronomik ko‘chada videokuzatuv tizimi, bepul Wi-Fi zonasi, dekorativ chiroqlar va o‘rindiqlar o‘rnatilishi kerak.

Mazkur gastronomik ko‘cha shahar hokimiyati bilan kelishilgan holda festivallar va mavsumiy tadbirlar o‘tkazish uchun foydalanilishi mumkin. Shu bilan birga, davlat bayramlari va tadbirlari vaqtida hokimiyat ko‘chani bo‘shatishni talab qilishi mumkin.

Davlat-xususiy sheriklik kelishuviga ko‘ra, Tashkent Invest loyiha sof foydasining 10% ini oladi. Xususiy hamkor ushbu mablag‘ni hisobot yilidan keyingi yilning 30-apreligacha har yili o‘tkazib berishi kerak.


Avvalroq Spot O‘zbekistonda gastronomik turizm uchun “marketpleys” ishga tushirilishi haqida yozgandi.