Turizm qo‘mitasi O‘zbekiston restoran sanoati ishtirokida ikkita loyiha ishga tushirilganini ma’lum qildi.
Vazirlik qoshidagi loyiha ofisi tashabbusi bilan Gastro Marketplace va Tourist Friendly Restaurants tashabbuslari amalga oshirilmoqda.
Ularning maqsadi milliy taomlarni jahon standartlariga muvofiq targ‘ib qilish va gastronomik turizm salohiyatini ishga solishdan iborat bo‘ladi.
Loyihalarda ishtirok etish uchun Toshkent, Samarqand, Buxoro va Xorazmda 40 ga yaqin restoranlar tanlab olindi. Ular uchun milliy taomlarning maxsus yengil va muvozanatli to‘plamlari yaratiladi.
Hozirda taomlarning texnologik xaritalari ishlab chiqilmoqda, shuningdek, ingliz tilidagi menyu va professional dizayn tayyorlanmoqda. Bundan tashqari, loyihalar doirasida gastronomik mahorat darslarini o‘tkazishga qiziquvchi 80 ga yaqin fuqarolar saralab olindi.
Dastur ishtirokchilari xorijiy sayyohlarga xizmat ko‘rsatishning xalqaro standartlari bo‘yicha o‘qitiladi. Ularni global raqamli platformalarda targ‘ib qilish uchun maxsus ma’lumotlar bazasi yaratilgan.
Qo‘mita ma’lumotlariga ko‘ra, loyihalarni amalga oshirish milliy oshxonani raqamli iqtisodiyotga integratsiya qilish, sohaga zamonaviy xizmat ko‘rsatish standartlarini joriy etish va O‘zbekistonning jahon miqyosidagi gastronomik brendini mustahkamlash imkonini beradi.
Shuningdek, yangi tashabbuslar mahalliy tadbirkorlarning jahon bozoriga chiqishi va oilaviy biznesning turizm iqtisodiyotiga integratsiyalashuviga xizmat qiladi. Bu orqali gastronomik turizmning iqtisodiy samaradorligi oshishi kerak.
Avvalroq Spot Toshkentning Taras Shevchenko ko‘chasida gastronomik ko‘cha tashkil etishning 3-bosqichi boshlangani haqida yozgandi.