Shavkat Mirziyoyev va Iordaniya qiroli Abdulla II ibn al-Husayn ikki davlat munosabatlarini strategik sheriklik darajasiga ko‘tarishga qaror qildi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Muzokaralar Ammondagi Al-Husayniya saroyida kengaytirilgan tarkibda bo‘lib o‘tdi.
Tomonlar uchrashuvda imtiyozli savdo bitimini imzolash va o‘zaro savdo hajmini kelgusida $500 mln ga yetkazish masalasiga alohida to‘xtaldi.
Hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari sifatida savdo, investitsiya, transport va logistika, tog‘-kon sanoati, qishloq xo‘jaligi, to‘qimachilik, sog‘liqni saqlash va farmatsevtika sohalari belgilandi.
Madaniy aloqalarni rivojlantirish uchun madaniyat va san’at haftaliklarini o‘tkazish, diniy-ma'rifiy sohada tajriba almashish, sayyohlik almashinuvini kengaytirish va qadimiy shaharlar o‘rtasida birodarlik aloqalarini o‘rnatish taklif qilindi.


Tomonlar BMT, Islom hamkorlik tashkiloti, Qo‘shilmaslik harakati va “Aqaba jarayoni” doirasida o‘zaro qo‘llab-quvvatlashni davom ettirishga kelishdi. Kelishuvlar ijrosini ta’minlash uchun keng qamrovli “yo‘l xaritasi” qabul qilinadi.
Mirziyoyev Iordaniya qirolini O‘zbekistonga tashrif bilan kelishga taklif qildi.
Joriy yilning mart oyida Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov Iordaniya sanoat, savdo va ta‘minot vaziri Yarub Quda bilan ikki mamlakat o‘rtasida Imtiyozli savdo to‘g‘risidagi bitimni imzolash bo‘yicha muzokaralar jarayonini ko‘rib chiqqandi.
Royal Jordanian 30-iyundan Amman-Toshkent yo‘nalishida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yishi haqida xabar bergandi.


