Toshkent va Iordaniya poytaxti o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlar yo‘lga qo‘yilmoqda. Bu haqda Dunyo axborot agentligi xabar berdi.
Iordaniyada Toshkent va Ammon shaharlari o‘rtasida muntazam to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlarning boshlanishi munosabati bilan O‘zbekistondagi sayyohlik imkoniyatlariga bag‘ishlangan taqdimot bo‘lib o‘tdi.
Anjumanda qatnashchilarga O‘zbekistonning boy tarixiy-madaniy merosi, Samarqand, Buxoro, Xiva va Shahrisabz kabi shaharlar bo‘ylab mashhur sayyohlik yo‘nalishlari haqida maʼlumot berildi.
Royal Jordanian Airlines aviakompaniyasining ilk muntazam to‘g‘ridan-to‘g‘ri parvozi 30-iyunga rejalashtirilgan. Jadvalga muvofiq, RJ196 reysi Ammon xalqaro aeroportidan mahalliy vaqt bilan soat 22:50 da parvoz qilib, 1 iyul kuni soat 05:25 da Toshkent xalqaro aeroportiga qo‘nadi.
Royal Jordanian aviakompaniyasi ma‘lumotlariga ko‘ra, reyslar haftasiga ikki marta — seshanbadan chorshanbaga o‘tar kechasi hamda shanbadan yakshanbaga o‘tar kechasi amalga oshiriladi.
Parvozlar jadvali:
- Ammandan jo‘nab ketish — 22:55, Toshkentga yetib kelish — 05:30;
- Toshkentdan jo‘nab ketish — 05:50, Ammanga yetib borish — 09:20.
Ekonom klassdagi aviachiptalar narxi 175 Iordaniya dinori 60 kirshdan (joriy kurs bo‘yicha $247,67 yoki 2 974 374 so‘m) boshlanadi. Mazkur narxlar 29-iyun holatiga ko‘ra amal qiladi.
O‘tgan yilning avgustida ikki davlat 30 kungacha bo‘lgan safarlar uchun vizalarni o‘zaro bekor qilishga kelishib olgandi.
Spot, avvalroq, Toshkentdan Bag‘dodga to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilayotgani haqida yozgandi.