O‘zbekiston va Iroq o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish masalasi muhokama qilindi, deya xabar berdi Turizm qo‘mitasi.
Qo‘mita raisi Abdulaziz Aqqulov 18-iyun kuni TXIF-2026 doirasida Iroq Iqtisodiy kengashi bosh direktori Xayder Ali Xadi bilan uchrashdi.
Uchrashuvda turizm, investitsiya va ishbilarmonlik almashinuvlari sohalarida hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Sayohatga o‘zaro qiziqish ortib borayotgani fonida hamkorlik uchun qo‘shimcha salohiyat mavjudligi qayd etildi.
Turistlar oqimini ko‘paytirish, O‘zbekiston va Iroqning sayyohlik imkoniyatlarini targ‘ib qilish bo‘yicha qo‘shma tadbirlar, shuningdek, turoperatorlar va soha tashkilotlari o‘rtasidagi hamkorlikni faollashtirish ustuvor vazifalar sifatida qayd etildi.
Shuningdek, tomonlar O‘zbekiston va Iroq o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlarni, jumladan, Bag‘dod-Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha parvozlarni yo‘lga qo‘yish masalasiga to‘xtalib o‘tdilar. Ular sayyohlik va ishbilarmonlik aloqalarini yanada rivojlantirishga xizmat qilishi kutilmoqda.
Uchrashuv yakunida tomonlar ikki mamlakat turizm sohasi vakillari o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirishga kelishib oldilar. Qo‘shimcha biznes missiyalari va B2B uchrashuvlari tashkil etiladi.
Bundan tashqari, TXIF-2026 doirasida Iroq Iqtisodiy kengashi va O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi qo‘shma Ishbilarmonlar kengashini ta’sis etishga kelishib, uning birinchi yig‘ilishini o‘tkazdi. Unda aloqalarni kengaytirishning istiqbolli yo‘nalishlari, jumladan, oziq-ovqat va elektrotexnika sanoati muhokama qilindi.
Avvalroq SpotAsman Airlines 24-iyundan Toshkent va Issiqko‘l o‘rtasida muntazam parvozlarni boshlamoqchiligi haqida yozgandi.