O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasida 18-iyun kuni Iroq savdo vaziri Mustafo Nizor Juma ishtirokida Ishbilarmonlar kengashi tashkil etildi. Bu haqda SSP matbuot xizmati xabar berdi.
Kengashning birinchi yig‘ilishi ham shu kuni bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvda ikki davlat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlikning joriy holati muhokama qilindi.
Tomonlar investitsiya, savdo va sanoat sohalarida, xususan elektrotexnika, qurilish materiallari va oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish yo‘nalishlarida hamkorlikni kengaytirish masalalarini ko‘rib chiqdi.
O‘zaro tovar ayirboshlash hajmini oshirish, qo‘shma loyihalarni ishga tushirish hamda xususiy sektorlar o‘rtasidagi ishbilarmonlik aloqalarini mustahkamlashga eʼtibor qaratildi.
Yig‘ilish davomida O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi va Iroq Iqtisodiy kengashi o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risida memorandum imzolandi.
Uning doirasida O‘zbekiston-Iroq Ishbilarmonlar kengashi tashkil etildi.





“O‘zbekiston-Iroq ishbilarmonlik kengashining taʼsis etilishi ikki davlat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy sheriklik uchun yangi institutsional asos yaratib, tadbirkorlik hamkorligini muntazam va tizimli ravishda rivojlantirishga xizmat qiladi”, — deyiladi xabarda.
Tadbir doirasida B2B formatida ishbilarmonlik uchrashuvlari tashkil etildi.
Bundan avval Avstriya, Iordaniya va Serbiya da O‘zbekiston ishtirokida Ishbilarmonlar kengashi tashkil etilishi haqida xabar berilgandi.
Spot, avvalroq, Hindiston kompaniyasi O‘zbekistonda $20 mlnlik zargarlik korxonasi qurishi haqida yozgandi.




