O‘zbekiston-Avstriya Qo‘shma ishbilarmonlar kengashi tuzilishi kutilmoqda. Bu haqda Savdo-sanoat palatasi matbuot xizmati xabar berdi.

Palata raisining birinchi o‘rinbosari Davronbek Qurbanov Avstriya Federal iqtisodiy palatasi vitse-prezidenti Andreas Xers va ushbu mamlakat elchisi Mattias Radostich bilan muzokaralar o‘tkazdi.

Uchrashuvda ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy va ishbilarmonlik hamkorligining hozirgi holati, shuningdek, uni yana-da kengaytirish imkoniyatlari muhokama qilindi.

Muzokaralarda o‘zbek mutaxassislari uchun Avstriyada amaliyot va malaka oshirish dasturlarini tashkil etish masalasi muhokama qilindi. Bu tashabbus kadrlar salohiyatini oshirish va tajriba almashuvini kuchaytirishga xizmat qilishi taʼkidlandi.

Shuningdek, ishbilarmonlar o‘rtasidagi aloqalarni yana-da faollashtirish maqsadida O‘zbekiston-Avstriya Qo‘shma ishbilarmonlar kengashini tuzish taklifi bildirildi.

Ushbu platforma ikki davlat tadbirkorlari uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot, hamkorlar topish va yangi qo‘shma loyihalarni amalga oshirish imkonini berishi qayd etildi.

Yevropa bozorida milliy mahsulotlarni ilgari surish masalalari ham uchrashuvning muhim mavzularidan biri bo‘ldi. Jumladan, Made in Uzbekistan brendini targ‘ib qilish, Avstriyada O‘zbekiston Savdo uyini ochish va turli ko‘rgazma hamda taqdimotlar o‘tkazish yuzasidan fikr almashildi.

Uchrashuv yakunida tomonlar aniq qo‘shma loyihalarni amalga oshirish va konstruktiv muloqotni davom ettirishga tayyor ekanliklarini bildirdi.

2025-yilning yozida Ulan-Bator shahrida O‘zbekistonning Mo‘g‘ulistondagi birinchi savdo uyi ochilgandi. Shuningdek, Lahor va Milan da ham Savdo uylari ochilgan edi.

Bundan avval Belarusda O‘zbekiston Savdo uyi ochilishi, bu orqali mamlakatga O‘zbekiston mahsulotlarini yetkazib berish hamda logistika jarayonlarini yengillashtirish ko‘zda tutilgani haqida xabar berilgandi.

Spot, avvalroq, iyuldan boshlab tajriba tariqasida o‘simlik yog‘ini markirovkalash joriy etilishi haqida yozgandi.