Shavkat Mirziyoyev Xiva shahrida tashkil etilgan Lyaonin pedagogika universitetining O‘zbekistondagi filiali va Konfutsiy instituti faoliyati bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Abu Rayhon Beruniy nomidagi Urganch davlat universiteti va Xitoyning Lyaonin pedagogika universiteti hamkorligida amalga oshirilgan loyiha doirasida yangi taʼlim majmuasi barpo etildi. Uni qurish va jihozlash uchun davlat budjetidan 140 mlrd so‘m mablag‘ ajratildi. Bu yerda 120 ta yangi ish o‘rni yaratildi.
Majmuada 560 o‘rinli o‘quv bloklari, kutubxona, sport zali, 200 o‘rinli madaniyat saroyi va 118 o‘rinli oshxona mavjud. Ikkinchi to‘rt qavatli binoda 628 o‘rinli auditoriyalar hamda 224 o‘rinli talabalar turar joyi tashkil etilgan.
2026-yil uchun qabul kvotasi 160 nafar etib belgilangan. Kelgusida yillik qabulni 500 nafarga, talabalar sonini esa 2 ming nafarga yetkazish rejalashtirilgan.
Taʼlim kunduzgi va masofaviy shakllarda, o‘zbek, xitoy va ingliz tillarida olib boriladi. Bakalavriat bosqichida Xalqaro xitoy tili taʼlimi, Turizm boshqaruvi, Xalqaro biznes, Sunʼiy intellekt, magistraturada esa Xitoy tili va madaniyatini o‘qitish metodikasi, Taʼlim boshqaruvi, Sunʼiy intellekt va taʼlim texnologiyalari yo‘nalishlarida kadrlar tayyorlanadi.




Filial diplomi O‘zbekistonda to‘g‘ridan-to‘g‘ri tan olinadi. Iqtidorli bitiruvchilarga Xitoyning yetakchi oliy taʼlim muassasalarida grant asosida o‘qishni davom ettirish va nufuzli tashkilotlarda stajirovka o‘tash imkoniyati yaratiladi.
Bugungi kunda Xorazm viloyatida xitoylik investorlar ishtirokida umumiy qiymati $2,34 mlrdlik 38 ta yirik loyiha amalga oshirilmoqda. Ularda zamonaviy texnologiyalar va xitoy tilini yaxshi biladigan yuqori malakali mutaxassislarga talab yuqori. Yangi taʼlim muassasasi va Konfutsiy instituti ana shu ehtiyojga mos kadrlar tayyorlashga xizmat qiladi.
Prezident taʼlim dasturlarini iqtisodiyot va mehnat bozori ehtiyojlari bilan uyg‘unlashtirish, talabalarning zamonaviy texnologiyalar va xorijiy tillarni puxta egallashi uchun barcha sharoitlarni yaratish muhimligini taʼkidladi.


Shu yerning o‘zida davlat rahbariga yagona milliy turizm platformasi hamda turizm sohasida tadbirkorlar uchun yaratilayotgan yangi imkoniyat va yengilliklar taqdimot qilindi.
Spot, avvalroq, Urganch aeroporti va Xivani bog‘lovchi yangi temir yo‘li ishga tushirilgani haqida yozgandi.





