17-noyabrdan O‘zbekistonda Uzcard va Humo bank kartalarini Apple Pay xizmatiga ulash imkoniyati yaratildi. Bu haqda Markaziy bank matbuot xizmati xabar bermoqda.

Dastlabki bosqichda Xalq banki chiqargan Uzcard hamda Octobank muomalaga kiritgan Humo kartalari xizmatga ulandi.

Mijozlar kartalarini Apple Wallet ilovasiga qo‘shib, iPhone, Apple Watch va boshqa mos Apple qurilmalari orqali kontaktsiz to‘lovlarni amalga oshirishlari mumkin.

Apple Pay O‘zbekistonda 27-oktabr kuni rasman ishga tushirilgan edi. Dastlab xizmat ayrim tijorat banklarining Visa va Mastercard kartalari uchun joriy etilgan. Shu kuni Markaziy bank Uzcard va Humo kartalarini ham tez orada Apple Pay’ga ulash imkoniyati yaratilishini ma’lum qildi.

Kelgusida boshqa banklar chiqargan milliy to‘lov tizimlari kartalarini ham xizmatga ulash imkoniyati bosqichma-bosqich kengaytiriladi. Bu banklar va to‘lov tizimlarining texnik tayyorgarligiga bog‘liq bo‘ladi.