Markaziy bank Janubiy Koreyaning Hana Bank banki vakolatxonasini akkreditatsiya qildi. Bu haqda regulyator ma’lum qildi.
Vakolatxona O‘zbekiston moliya bozorini o‘rganish hamda davlat organlari va moliya tashkilotlari bilan hamkorlikni kengaytirish maqsadida tashkil etilgan.
Hana Bank Hana Financial Group tarkibiga kiradi va 2015-yil 1-sentabrda Korea Exchange Bank bilan birlashgan. U Janubiy Koreyaning yirik tijorat banklaridan biri hisoblanadi. Bank jismoniy va yuridik shaxslarga bank xizmatlari, savdoni moliyalashtirish va boshqa moliyaviy xizmatlar ko‘rsatadi, dunyoning 27 ta mamlakatida faoliyat yuritadi.
Joriy yilning oktabr oyida Maeil Business nashri Hana Bank O‘zbekistonda o‘z ofisini ochishni rejalashtirayotgani haqida yozgan edi.
Unga ko‘ra, KDB Shinhan Bank va Hana Bank tomonidan O‘zbekistondagi KDB Bank Uzbekistan’ni sotib olishga bo‘lgan qiziqishni o‘rgangan. Biroq bankni sotishga nisbatan salbiy munosabat mavjudligi sababli, KDB Bank Uzbekistan bo‘yicha yakuniy qaror hali qabul qilinmagan.
Markaziy bank reyestriga ko‘ra, hozirda O‘zbekistonda 8 ta xorijiy bankning vakolatxonalari faoliyat yuritmoqda. Ulardan ikkitasi Janubiy Koreya banklariga (Korea Eximbank va Shinhan Bank), yana ikkitasi Germaniya banklariga (Landesbank Baden-Württemberg va Commerzbank AG) tegishli. AQSH (JP Morgan Chase), Rossiya (Gazprombank), Xitoy (Eksimbank) va Turkiya (Citibank AS) banklarida yana bittadan ofis mavjud.
Avvalroq Markaziy bank Fransiyaning Societe Generale banki vakolatxonasini akkreditatsiya qilgani haqida xabar berilgandi.