Korea Development Bank KDB Bank Uzbekistan sho‘ba bankini sotish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda, deya xabar bermoqda Maeil Business.
Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, Janubiy Koreyaning davlat banki samaradorlikni oshirish maqsadida xorijdagi tarmog‘ini qayta tashkil etishni rejalashtirmoqda. Hozirda ushbu tarmoq 12 ta filial, 7 ta sho‘ba bank va 6 ta vakolatxonadan iborat jami 25 ta tuzilmani o‘z ichiga oladi.
Optimallashtirish, avvalo, KDB uzoq yillardan beri faoliyat yuritayotgan, biroq faoliyatini kengaytirmayotgan bozorlarga taalluqli bo‘lishi mumkin. Maeil Business bunga 2013-yildan buyon faoliyat yuritayotgan Moskva va Abu-Dabidagi vakolatxonalarni misol qilib keltirgan.
Shuningdek, KDB Janubiy Koreyaning tijorat banklari faoliyatini boshlayotgan mamlakatlardagi filiallarini ham sotishni rejalashtirmoqda. Bunga O‘zbekiston misol sifatida keltirilgan.
Bank 2006-yilda O‘zbekiston bozoriga kirgan. O‘sha paytda Daewoo Groupʼning to‘qqiz yil avval tashkil etilgan UzDaewoo Bankʼdagi ulushini sotib olgan. Biroq nashrga ko‘ra, qariyb 20 yil davomida KDB Bank Uzbekistan sezilarli natijalarga erisha olmagan.
Shu bilan birga, so‘nggi yillarda xususiy Janubiy Koreya banklari O‘zbekistonda o‘z faoliyatini yo‘lga qo‘yishga faol kirishmoqda. Jumladan, Shinhan Bank mamlakatda mahalliy tuzilma ochishga tayyorgarlik ko‘rmoqda.
Hana Bank ham O‘zbekistonda o‘z ofisini ochishni rejalashtirmoqda. Bundan tashqari, Toshkentda Koreyaning yana bir davlat moliya tashkiloti — Korea Eximbankʼning vakolatxonasi faoliyat yuritmoqda.
Maeil Business’ning investitsiya banki sohasidagi manbasiga ko‘ra, KDB Shinhan Bank va Hana Bank tomonidan O‘zbekistondagi KDB Bank Uzbekistan’ni sotib olishga bo‘lgan qiziqishni o‘rgangan. Biroq bankni sotishga nisbatan salbiy munosabat mavjudligi sababli, KDB Bank Uzbekistan bo‘yicha yakuniy qaror hali qabul qilinmagan.
Nashrning ta’kidlashicha, KDBning xorijdagi tarmog‘ini qayta tashkil etishi Prezident Li Chje Myon boshlagan davlat tashkilotlari samaradorligini oshirish siyosati bilan bog‘liq.
Xususan, Iqtisodiyot va moliya vazirligi AQSH, Vetnam, Keniya va BAAda faoliyat yuritayotgan Janubiy Koreya davlat tashkilotlarining xorijdagi ofislarini birlashtirishni rejalashtirmoqda.
Shinhan Bank 2009-yildan buyon Toshkentda vakolatxonasiga ega. 2025-yil fevralida Shinhan Financial Group vakillari Markaziy bank bilan muzokaralar davomida O‘zbekiston bank bozoridagi faoliyatini kengaytirish va mavqeini mustahkamlash niyatini bildirgan.
Janubiy Koreya OAVlari joriy yilning aprel oyida Shinhan Bank 2027-yildan kechiktirmay O‘zbekistonda sho‘ba tuzilma tashkil etishni rejalashtirayotgani haqida xabar bergan.
Uni tashkil etish, shuningdek, raqamli bank xizmatlari va kichik hamda o‘rta biznes uchun yechimlarni rivojlantirish masalalari Shinhan Financial Group rahbari Jin Ok-donning sentabr oyida Seulda Prezident Shavkat Mirziyoyev bilan uchrashuvida muhokama qilingan asosiy mavzulardan biri bo‘lgan.
Avvalroq Spot Incheon International Airport Corporation Toshkentda vakolatxona ochishni rejalashtirayotgani haqida yozgandi.