Janubiy Koreyaning Shinhan Banki O‘zbekistonda sho‘ba bank ochishni rejalashtirmoqda, deb xabar bermoqda bir qator OAV moliya bozoridagi manbalarga tayanib.

Pulse nashrining yozishicha, Shinhan Bank Co. O‘zbekiston bozoriga to‘laqonli kirish niyatida. Bu Shinhan Financial Group raisi boshchiligidagi birinchi yirik xalqaro loyiha bo‘lib, u xorijga kengayishni kelajakdagi o‘sishning asosiy omili sifatida belgilagan.

Manbalarga ko‘ra, Shinhan Bank O‘zbekistonda mahalliy filial ochish bo‘yicha ichki qarorini yakuniy ravishda tasdiqlagan va 2026-yilning birinchi yarmida mamlakat moliya organlariga ariza topshirishni rejalashtirmoqda.

Bank o‘z harakatlarini “mahalliy tartibga soluvchi organlar” bilan kelishib olgan, tayyorgarlik ishlarining asosiy qismi esa yakunlangan. Manbaning qayd etishicha, O‘zbekistondagi bo‘linma 2027-yildayoq to‘laqonli faoliyat boshlashi mumkin.

2009-yilda Shinhan Bank O‘zbekistonda o‘z vakolatxonasini ochdi, bir yil avval esa Qozog‘istonda sho‘ba bankini ishga tushirdi. 2024-yilda Janubiy Koreya banki vakillari mahalliy moliya organlari bilan rasmiy muzokaralarni boshlash uchun mamlakatga kelgan. Keyinchalik, jarayonga o‘tgan yilning aprel oyida respublikaga tashrif buyurgan Shinhan Financial Group raisi qo‘shildi.

2025-yil fevral oyida Markaziy bank va Shinhan Bank davlat banklarini xususiylashtirish masalasini muhokama qilgan edi. Janubiy Koreya banki vakillari “yaqin kelajakda O‘zbekiston bank bozoridagi mavqeini kengaytirish va mustahkamlash bo‘yicha rejalari bilan o‘rtoqlashgan”.

Markaziy bank reyestriga ko‘ra, hozirda O‘zbekistonda 8 ta xorijiy bankning vakolatxonalari faoliyat yuritmoqda. Ulardan ikkitasi Janubiy Koreya banklariga (Korea Eximbank va Shinhan Bank), yana ikkitasi Germaniya banklariga (Landesbank Baden-Württemberg va Commerzbank AG) tegishli. AQSH (JP Morgan Chase), Rossiya (Gazprombank), Xitoy (Eksimbank) va Turkiya (Citibank AS) banklarida yana bittadan ofis mavjud.

Avvalroq Spot O‘zbekiston Markaziy banki yagona QR-kodlar uchun qoidalarni tasdiqlagani haqida yozgan edi.