Adliya vazirligi yagona QR-kodlar bo‘yicha idoraviy hujjatni davlat ro‘yxatidan o‘tkazdi.

Mazkur hujjat prezidentning 2025-yil 10-dekabrdagi farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida qabul qilindi.

Ushbu farmon bilan barcha savdo va xizmat ko‘rsatish sohasidagi yuridik shaxslar uchun bosqichma-bosqich yagona QR -kod orqali to‘lovlarni qabul qilish tizimi joriy etilishi belgilangan.

Unga ko‘ra, QR-kod orqali to‘lovlarni amalga oshirishning yagona tartibi hamda yagona QR-kod tizimi ishtirokchilarining vazifalari belgilandi.

Yagona QR-kod — foydalanuvchilarga istalgan bank yoki to‘lov tashkilotining mobil ilovasi orqali to‘lovlarni amalga oshirish imkonini beradi.

Tegishli qoidalar QR-kodlar statik va dinamik turlarga ajratiladi hamda barcha to‘lov tizimlarining yagona QR-kod tizimi orqali o‘zaro integratsiyasi ta’minlanadi.

QR-kod tizimi operatori tomonidan to‘lovlar haqidagi ma’lumot va hisob-kitoblarlar avtomatlashtirilgan tarzda amalga oshiriladi va real vaqt rejimida QR-kod tizimi ishtirokchilariga yetkaziladi.

QR-kod tizimi doirasida mijozlarni qo‘llab-quvvatlash xizmati va murojaatlarning holati to‘g‘risidagi ma’lumotlarni yuklab olish imkoniyati yaratiladi.

Qoidalarga ko‘ra, har bir foydalanuvchiga mobil ilovalar orqali QR-kodni skanerlash, to‘lov summasini tasdiqlash va har bir operatsiya bo‘yicha onlayn ma’lumotnoma olish va tranzaksiyalar tarixi bilan tanishish imkoniyati taqdim etiladi.


Avvalroq Markaziy bank milliy to‘lov svitchini ishga tushirishi haqida xabar berilgandi.