Energetika vazirligi O‘zbekistonda tabiiy gaz qazib chiqarish hajmi kamayib borayotgani sababli issiqxonalarni bosqichma-bosqich muqobil yoqilg‘i turlariga o‘tishga chaqirdi. Bu haqda 16-noyabr kuni gul yetishtiruvchilar va issiqxonachilar bilan bo‘lib o‘tgan muloqotda vazirning birinchi o‘rinbosari Umid Mamadaminov ma’lum qildi.

Uchrashuvda gulchilik bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlar issiqxonalarni isitish va gaz ta’minoti bilan bog‘liq muammolarni ko‘tardi. Xususan, tadbirkor Dilshod Yarmuhamedov gaz taqchilligi yuzaga kelgan taqdirda issiqxonalarni isitish uchun muqobil imkoniyat qolmayotganini aytdi. Uning ta’kidlashicha, avval gaz bilan bog‘liq uzilishlar yuz berganda ko‘mirdan foydalanish mumkin edi. Hozir esa bu imkoniyat cheklangan.

“Mabodo gaz tanqisligi bo‘lib qolsa, ertaga bizda muqobil yechim yo‘q. Nimada isitamiz? Kafolat berisha oladimi ,ertaga gaz ololamizmi yoki yo‘qmi, kelasi yil uchun shartnoma berishadimi? Gulchilik uzoq muddatni hisobga olib ish yuritadigan soha. Shularni oldindan bilsak, issiqlik borasida bizlarda qiyinchiliklar bo‘lmasdi. Bu narsa mahsulotimiz sifatiga ta’sir qiladi”, — dedi Yarmuhamedov.

U, shuningdek, Xitoy va boshqa davlatlardan gul mahsulotlari import qilinishi mahalliy ishlab chiqaruvchilarga narx jihatidan ta’sir ko‘rsatayotganini qayd etdi. Tadbirkor importga qarshi emasligini, biroq bu jarayonni nazorat qilish zarurligini bildirdi.

elektr energiyasi, energetika vazirligi, gulchilik, issiqxona, tabiiy gaz, umid mamadaminov

Dilshod Yarmuhamedov

“Bizga kafolatlangan gaz kerak”

Energetika vazirining birinchi o‘rinbosari Umid Mamadaminov gaz qazib chiqarish hajmi va zaxiralari yildan-yilga kamayib borayotganini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu faqat O‘zbekistonda emas, dunyoning boshqa davlatlarida ham eski yoqilg‘i turlaridan bosqichma-bosqich voz kechish jarayoni kuzatilmoqda. Mamlakat ham gazdan muqobil yoqilg‘i turlariga sekin-sekin o‘tmoqda.

“Bu gaz umuman bo‘lmaydi degani emas. Gaz borgan sari kamayib boradi. Shuning uchun ijtimoiy soha obyektlari bo‘ladimi, tadbirkorlik obyektlari bo‘ladimi, barchasini gaz yoqishdan muqobil yoqilg‘i tizimiga, elektrlashtirishga o‘tkazishga harakat qilyapmiz. Bu birdan bo‘lib qolmaydi, bosqichma-bosqich amalga oshiriladi”, — dedi Mamadaminov.

U issiqxonalar uchun suyultirilgan gaz — propan-butan (LPG), pellet yoqilg‘isi va geotermal isitish tizimlarini muqobil variantlar sifatida ko‘rsatdi. Shuningdek, ko‘mirni qayta ishlash orqali sintez-gaz olish texnologiyasini ham ko‘rib chiqish mumkinligini bildirdi.

elektr energiyasi, energetika vazirligi, gulchilik, issiqxona, tabiiy gaz, umid mamadaminov

Umid Mamadaminov

Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vahobov muhokama davomida tadbirkorlar gaz ta’minoti bo‘yicha amaldagi qaror va hujjatlarda belgilangan talablarni aniq tushunishi kerakligini ta’kidladi. U, shuningdek, issiqxonalarni gazga ulash jarayonida korrupsion holatlar yuzaga kelayotgani haqidagi murojaatlarga e’tibor qaratdi.

Tadbirkor Hojimurod Normurodov esa yangi issiqxonalar gazga ulanish uchun murojaat qilganida ularga texnik shartlar berilmayotganini bildirdi. Uning aytishicha, shartnomada issiqxonalar uchun ham gaz ta’minoti aholiga gaz yetishmagan taqdirda to‘xtatilishi mumkinligi ko‘rsatilgan shartlar qo‘yilmoqda.

Agar qishda gaz ta’minoti uzilsa, issiqxona muqobil variantlardan foydalanish imkoniyatiga ega emas. Tadbirkor ko‘mir yoqish uchun belgilangan filtr talablari og‘irligi, ularni bajarish esa issiqxonalar uchun qiyinligini ham qayd etdi.

“Bizga uzluksiz foydalanish uchun kafolatlangan gaz kerak. Hozir ekin ekdik, ishlarni boshladik. Qish yaqinlashgach, sovuq tushdi-da, gazni uzib tashladingiz. Biz nima qilamiz? Hamma narsamiz havoga uchib ketadi”, — dedi u.

Issiqxonachilar o‘tish davrini so‘ramoqda

Umid Mamadaminov Hududgazta’minot gazni uzluksiz yetkazib berish kafolatini hech qachon berolmasligini ta’kidladi. Chunki uzluksiz ta’minot uchun yetarli manba va belgilangan limitlar bo‘lishi kerak. Bunday imkoniyat mavjud bo‘lmagani sababli gazni uzluksiz yetkazib berish majburiyatini qarorga ham, shartnomaga ham kiritishning imkoni yo‘q.

Uning qayd etishicha, qish oylarida havo harorati pasayib, gaz quvurlaridagi bosim tushganida yetkazib berish imkoniyatlari cheklanadi. Agar cheklovlar bo‘lmaganida, kompaniya gaz yetkazib berishi mumkin edi.

Energetika vazirining birinchi o‘rinbosari muqobil yoqilg‘i tizimlariga o‘tish zarurligini yana bir bor ta’kidlar ekan, bu jarayonda mutaxassislar tadbirkorlarga texnologiyalarni tanlash va joriy etishda yordam berishi mumkinligini bildirdi. “Agar gaz manbasi bo‘lganida, biz uzluksiz yetkazish uchun kafolat bergan bo‘lar edik”, — dedi u.

Biroq Hojimurod Normurodov muqobil tizimlarga o‘tish katta investitsiya talab qilishini va uni qisqa muddatda amalga oshirishning imkoni yo‘qligini aytdi. Uning fikricha, tadbirkorlarga yangi tizimlarni joriy etish uchun yetarli vaqt berilishi kerak.

elektr energiyasi, energetika vazirligi, gulchilik, issiqxona, tabiiy gaz, umid mamadaminov

Hojimurod Normurodov

“Siz aytgan hamma narsalaringizga bu yil qishda moslasha olmaymiz, bizga ham vaqt kerak. Yevropa ham siz aytgan tizimlarga bir kunda yoki bir oyda o‘tmagan, bu yillar davomida shakllangan. Biror yilga tayyorlaninglar deyishsa, shunga qarab tayyorlanardik. Lekin bir oy ichida yangi tartibga o‘tishning jismonan imkoni yo‘q”, — dedi gulchilik firmasi vakili.

Mamadaminov esa gaz ta’minoti bo‘yicha vaziyatni yashirmasdan tushuntirayotganini, joriy yilda ham gaz hajmi o‘tgan yilga nisbatan kamayganini ta’kidladi. “Men hozir sizga „bu yil ishingizni hal qilib beramiz“ deb yolg‘on gapirolmayman-ku. Ochiq narsani gapiryapman”, — dedi vazir o‘rinbosari.

Avvalroq Spot xonadonlardagi issiqxonalar uchun yer va mol-mulk soliqlari 50% ga kamaytirilishi mumkinligi haqida yozgan edi.