Avvalroq Spot prezident issiqxonalar faoliyatiga “yashil” texnologiyalarni joriy qilish va ularning ekologik xavfsiz faoliyat yuritishini ta‘minlash yuzasidan taqdimot bilan tanishgani haqida xabar bergandi.
Unda shaxsiy tomorqalardagi issiqxonalarni yangilashga ko‘maklashish bo‘yicha alohida takliflar tayyorlangani aytildi.
Xususan, 2030-yilgacha yer va mol-mulk soliqlarini 50% ga kamaytirish, aylanmadan olinadigan soliqdan ozod qilish hamda energiya tejamkor tizimlar isteʼmol qilgan elektr energiyasi xarajatining yarmini qoplash taklif etilmoqda.
Toshkent shahri va unga tutash hududlardagi xonadonlarga “yashil” energiya manbalari va samarali uskunalarni joriy etish uchun 100 mln so‘mgacha grant ajratish masalasi ham ko‘rib chiqildi.
Yangi “yashil” issiqxona qurishga 300 mln so‘mgacha, mavjudini qayta jihozlashga 150 mln so‘mgacha imtiyozli kredit berish nazarda tutilmoqda. Issiqxonachilikka ixtisoslashgan 50 ta mahallada ehtiyojmand oilalar uchun ekologik xavfsiz issiqxonalar tashkil etish rejalashtirilgan.
Issiqxonalarda hosil bo‘ladigan ifloslangan drenaj va filtr suvlarini yig‘ish, tozalash hamda qayta ishlatish masalasi ham ko‘tarildi. Buning uchun maxsus operator faoliyatini yo‘lga qo‘yish va Ohangaron tumanida zarur infratuzilmani tashkil etish taklif qilindi.
Taqdimotda iqlimi qulay hududlarda zamonaviy issiqxonachilikni rivojlantirish imkoniyatlari ham ko‘rib chiqildi. Sherobod tumanidagi “Surxon-Agro” erkin iqtisodiy zonasiga 940 gektar yer ajratilgan va uning master rejasi ishlab chiqilgan.
Zonada issiqxonalar va agrologistika obyektlarini barpo etish, shu jumladan, banklar balansidagi issiqxonalarni bu yerga ko‘chirish taklif etildi.
Erkin iqtisodiy zonada investorlar uchun yer ijarasiga besh yil davomida nol stavka qo‘llanilmoqda, kanalizatsiya va yer osti suvlari bilan bog‘liq to‘lovlar bo‘yicha uch yillik imtiyoz berilgan.
Qo‘shimcha ravishda yer uchastkalarini normativ qiymatining 10% i miqdoridagi boshlang‘ich narx bilan auksionga chiqarish, qiymati $10 mln dan yuqori bo‘lgan loyihalar hamda Toshkent shahri va viloyatidan issiqxonalarini ko‘chiradigan tadbirkorlar uchun esa ushbu ko‘rsatkichni 1% etib belgilash taklif qilindi.
Shuningdek, zona ishtirokchilarini besh yilga yer, mol-mulk va foyda soliqlaridan, olib kelinadigan issiqxona uskunalarini bojxona bojidan ozod qilish taklifi ko‘rib chiqildi. 400 gektar maydonda issiqxonalar va agrologistika obyektlarini barpo etib, investorlarga tayyor loyiha sifatida sotish rejalashtirilmoqda.
Infratuzilmaga 220 mlrd so‘m, loyihalarni moliyalashtirishga 200 mlrd so‘m yo‘naltirish hamda 2027-yilda $100 mln investitsiya jalb etish vazifasi qo‘yildi.
Mutasaddilarga issiqxonalarning joylashuvi, energiya resurslari manbalari va yetkazib berish hajmini aks ettiruvchi raqamli xaritani tayyorlash topshirildi. Shuningdek, issiqxona mahsulotlarini ichki va tashqi bozorlarda sotish imkoniyatlarini kengaytirish bo‘yicha choralar ishlab chiqiladi.
Spot avvalroq Toshkentda havoning ifloslanishiga ta’siri sabab taxminan 300 gektar issiqxonaning faoliyat yo‘nalishi o‘zgartirilgani haqida yozgandi.