SpaceXAI kompaniyasi (sobiq SpaceX) o‘z ekotizimidagi xizmatlarni birlashtiruvchi The X Subscription obunasi ishga tushirilganini e’lon qildi.

Yangi obuna X.com ijtimoiy tarmog‘ining X Premium tarifini, Grok chat-botini, sun’iy intellekt asosidagi Grok Bot agentlar xizmatini hamda AI yordamida dasturlash platformasi Cursor’ni birlashtiradi. Kompaniya yaqin kunlarda obunani butun dunyodagi foydalanuvchilar uchun taqdim etishni rejalashtirmoqda.

Yangi tizimda Plus, Premium, Super va Ultra nomli to‘rtta pulli tarif mavjud.

Oyiga $8 turadigan Plus tarifida foydalanuvchilar X.com'da tasdiqlanganlik belgisini (ko‘k belgi) oladi, ijtimoiy tarmoqdan kamroq reklama bilan foydalanadi. Shuningdek, Grok va Cursor xizmatlaridan foydalanish limitlari bepul tarifga nisbatan oshiriladi.

Premium tarifi oyiga $30 turadi. U X Premium+, SuperGrok va Cursor Pro imkoniyatlarini taqdim etadi. Undagi AI xizmatlaridan foydalanish limitlari Plus tarifidagiga qaraganda to‘rt baravar yuqori. Kompaniya ma’lumotiga ko‘ra, bu narx avvalgi alohida obunalar umumiy qiymatidan uch baravar arzon.

Super tarifi oyiga $100 turadi va Plus tarifiga nisbatan 15 baravar, Ultra esa oyiga $200 evaziga 50 baravar yuqori limitlarni taklif qiladi.

X Premium, SuperGrok yoki Cursor obunalaridan foydalanayotgan mijozlar amaldagi obunalarini muddati tugaguncha saqlab qolishi yoki yangi tarifga o‘tishi mumkin.

Yangi tarifga o‘tgan foydalanuvchilarga SpaceXAI tomonidan cheklangan maxsus takliflar taqdim etiladi.

Bepul foydalanuvchilar Grok chat-boti, Cursor’ning dasturlash uchun boshlang‘ich to‘plami va reklamali X.com'dan foydalanishda davom etishi mumkin.


Avvalroq Spot o‘zbekistonlik talabalar Google Gemini AI Plus’dan bepul foydalanish imkoniyatiga ega bo‘lgani haqida yozgandi.