Shavkat Mirziyoyev issiqxonalar faoliyatiga “yashil” texnologiyalarni joriy qilish va ularning ekologik xavfsiz faoliyat yuritishini ta‘minlash yuzasidan taqdimot bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Toshkent shahri va unga tutash hududlardagi issiqxonalar holati tahlil qilindi. O‘tgan yili maxsus komissiya tomonidan issiqxonalar xatlovdan o‘tkazilib, muayyan qismiga ekologik toza energiya manbalariga o‘tishiga ko‘maklashildi. Shu bilan birga, ayrim xo‘jaliklarda hali ham ko‘mirdan foydalanilmoqda.
Kuz-qish oylarida shamol sustlashishi va harorat inversiyasi tufayli issiqxonalardan chiqadigan tashlamalar poytaxt va uning atrofida to‘planishi mumkin.
Shu bois, Toshkent shahri va unga tutash beshta tumanda issiqxonalar uchun “yashil” texnologiyalarga asoslangan maxsus ekologik tartib joriy etish taklif qilindi.
Isitishda tabiiy gaz, elektr, geotermal va quyosh energiyasi, shuningdek, issiqlik elektr stansiyalarining ikkilamchi issiqligidan foydalanishga ruxsat beriladi. Shina, plastmassa, bitum, mazut, ishlatilgan moy va chiqindilarni yoqishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Qattiq yoqilg‘ida ishlayotgan issiqxonalarga joriy yil 1-dekabrga qadar ushbu manbalarga o‘tish taklif qilinadi. Yoqilg‘ini yopiq joyda saqlash, avtomatlashtirilgan qozonlar va samarali chang-gaz tozalash uskunalari o‘rnatilgan bo‘lishi, kul va shlakni xavfsiz yig‘ish uchun sharoit, zaxira generatori mavjudligi, tutun mo‘risi minimal balandlik meʼyoriga muvofiqligi kabi qatʼiy texnik talablarga mos bo‘lgan issiqxonalargagina qattiq yoqilg‘idan foydalanishga ruxsat berilishi mumkin.
Joriy yil 15-oktabrdan kelgusi yil 15-martga qadar issiqxonalarda doimiy ekologik monitoring olib boriladi. Unda chang-gaz tozalash uskunalarining ishlashi, havoga chiqarilayotgan tashlamalar miqdori va yoqilg‘i turlariga qo‘yilgan talablarga rioya etilishi nazorat qilinadi.
O‘lchov uskunalari va videokuzatuv vositalaridan olinadigan maʼlumotlar Ekologiya qo‘mitasining axborot tizimiga real vaqt rejimida uzatiladi. Monitoringda dronlardan foydalaniladi, jamoatchilik nazorati vakillari ham ishtirok etadi.
Chang-gaz tozalash uskunalari o‘rnatilmagani, tashlamalar meʼyordan oshgani yoki taqiqlangan yoqilg‘i ishlatilgani aniqlansa, belgilangan tartibda taʼsir choralari qo‘llaniladi. Zarur hollarda issiqxona faoliyati to‘xtatiladi.


Issiqxona xo‘jaliklarining yangi talablarga moslashishi uchun moliyaviy ko‘mak choralari ishlab chiqilgan.
Ekologik va energiya tejamkor uskunalarni o‘rnatishga har gektar uchun 50 mln so‘mgacha subsidiya, yetti yil muddatga 3 mlrd so‘mgacha imtiyozli kredit ajratish taklif etildi. Monitoring uskunalarini xarid qilish va o‘rnatish xarajatlarini yengillashtirish ham nazarda tutilgan.
Spot avvalroq Toshkentdagi issiqxonalarga filtrlar o‘rnatish sharti bilan ko‘mirdan foydalanishga ruxsat berilishi haqida yozgandi.

