Qonunchilik palatasi Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi direktori Sharifbek Hasanovga parlament so‘rovi yubordi. Bu haqda quyi palata matbuot xizmati xabar berdi.

Parlament so‘rovida chiqindilarni boshqarish, sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish hamda sohadagi xizmatlar uchun to‘lov tizimini takomillashtirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan tushuntirish berish so‘ralgan.

Qayd etilishicha, qattiq maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqish xizmatlarini ko‘rsatuvchi tashkilotlarning moddiy-texnika bazasini mustahkamlashga 386,5 mlrd so‘m investitsiya yo‘naltirilgan.

Shuningdek, Toshkent shahri hamda Toshkent, Qashqadaryo, Samarqand, Farg‘ona, Andijon va Namangan viloyatlarida chiqindilarni qayta ishlash va ulardan elektr energiyasi ishlab chiqarish yo‘nalishida umumiy qiymati $933 mln dan ortiq investitsiya loyihalari amalga oshirilmoqda.

Biroq deputatlarning hududlardagi o‘rganishlari davomida chiqindi poligonlarini rekultivatsiya qilish ishlarini belgilangan muddatlarda yakunlash bilan bog‘liq kechikishlar kuzatilayotgani ma‘lum bo‘lgan.

Ayrim poligonlarni ekologik normativlar, sanitariya va yong‘in xavfsizligi talablariga moslashtirish zarurati ham mavjud. Bundan tashqari, ayrim fuqarolar chiqindilarni to‘plash va olib chiqish xizmatlari sifatidan shikoyat qilmoqda.

Shu munosabat bilan agentlik direktoridan chiqindilarni boshqarish, sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish va xizmatlar uchun to‘lov tizimini takomillashtirish borasidagi ishlar yuzasidan asoslantirilgan tushuntirish berish so‘ralgan.

Spot avvalroq Koreyaning Green Hammer kompaniyasi Xorazmda chiqindi yoqish zavodini qurishi haqida yozgandi.