Shavkat Mirziyoyev 14-sentabr kuni Janubiy Koreyaga tashrifi davomida yangi chiqindilarni yoqish zavodini qurish to‘g‘risidagi qarorni imzoladi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.

Qattiq maishiy chiqindilarni qayta ishlash va elektr energiyasi ishlab chiqarish majmuasi Xorazm viloyatida joylashadi. Loyihani amalga oshirishga ta’sischi sifatida Janubiy Koreyaning Green Hammer Co. Ltd. kompaniyasi jalb etiladi.

Investor o‘z majburiyatlarini lozim darajada bajarishini $7 mln miqdoridagi birinchi darajali bank kafolati orqali ta’minlaydi.

Kelishuv shartlariga ko‘ra, O‘zenergosotish bo‘lajak korxonadan ishlab chiqariladigan elektr energiyasini 30 yil davomida kafolatli ravishda milliy valyutada xarid qiladi.

Qayd etilishicha, chiqindilarni boshqarish agentligi esa zavodni kafolatlangan hajmda xomashyo bilan ta’minlaydi.

Elektr energiyasini yagona elektr tarmog‘iga uzatish uchun loyiha kompaniyasi O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlarining texnik shartlariga muvofiq alohida elektr uzatish liniyasini quradi.

Stansiyas ishga tushirilishidan oldin kompaniya O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari va Milliy dispetcherlik markazi bilan uning tarmoqqa ulanishining yakuniy shartlarini kelishib oladi.


10-sentabr kuni Prezident Singapur, Janubiy Koreya va Xitoy kompaniyalari tomonidan taklif etilgan chiqindilarni utilizatsiya qilish va elektr energiyasi ishlab chiqarishga oid 5 ta yangi loyihani ko‘rib chiqdi. Ularning umumiy qiymati dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra $625 mlnni tashkil etadi.

Zavodlarni Qoraqalpog‘iston, Jizzax, Surxondaryo, Buxoro va Xorazm viloyatlarida qurish rejalashtirilmoqda. Ular yiliga 1,9 mln tonna chiqindini qayta ishlab, 635 mln kVt·soat elektr energiyasi ishlab chiqarishi mumkin.

Loyihalar ishga tushirilishi natijasida 500 ta ish o‘rni yaratiladi, 158 mln kub metr gaz tejaladi va atmosferaga chiqadigan zararli chiqindilar 316 ming tonnaga qisqaradi.

Chiqindilarni boshqarish agentligi direktori Sharifbek Hasanovning ma’lum qilishicha, joriy yil oxirigacha dastlabki ikkita chiqindi yoqish zavodi ishga tushishi kerak. Ularning qurilishi davlat rahbari tomonidan tasdiqlangan reja asosida 2025-yilda boshlangan.

Hasanovning ta’kidlashicha, chiqindi yoqish zavodlari ekologik talablarga javob beradi. Ularning quvurlaridan chiqadigan karbonat angidrid miqdori atmosfera uchun belgilangan me’yorlardan oshmaydi. Uning so‘zlariga ko‘ra, talablar O‘zbekiston va Yevropa standartlariga mos keladi.

Ekologiya milliy qo‘mitasi rahbari Aziz Abduhakimov esa 24 yil avval qabul qilingan amaldagi hujjat o‘rniga chiqindilar to‘g‘risidagi qonunning yangi tahriri ishlab chiqilayotganini ma’lum qildi.

Prezident maslahatchisining so‘zlariga ko‘ra, yangi qonun qabul qilinishi bilan O‘zbekistonda chiqindilarni boshqarishning aniq tizimi yaratilishi kerak.


Avvalroq Spot O‘zbekistonda xavfli chiqindilarni qayta ishlashni 20% ga yetkazish rejalashtirilayotgani haqida yozgandi.