Shavkat Mirziyoyev chiqindilarni boshqarish tizimini takomillashtirish, ularni qayta ishlash va elektr energiyasi ishlab chiqarish bo‘yicha investitsiya loyihalari taqdimoti bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
2026−2027-yillarda chiqindilarni yoqish orqali elektr energiyasi ishlab chiqarish bo‘yicha 6 ta investitsiya loyihasini amalga oshirish belgilangan. Ularning umumiy qiymati $933 mlnni tashkil etadi. Loyihalar Xitoy kompaniyalari bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda.
1-sentabr holatiga ko‘ra, ushbu loyihalar doirasida $286,8 mln investitsiya o‘zlashtirilgan. Mahalliy mahsulot va xizmatlar xaridi $76,6 mlnga yetgan. Qurilish ishlariga 2 ming nafar mahalliy ishchi jalb etilgan.
Loyihalar Qashqadaryo, Samarqand, Toshkent, Andijon, Farg‘ona va Namangan viloyatlarida amalga oshiriladi. Qashqadaryo va Samarqanddagi zavodlarni 2026-yilda, qolgan hududlardagi quvvatlarni 2027-yilda ishga tushirish rejalashtirilgan.
Korxonalar to‘liq ishga tushgach, yiliga 3,6 mln tonna qattiq maishiy chiqindi qayta ishlanadi hamda 1,6 mlrd kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqariladi.
Shu bilan birga, “nol chiqindi” tamoyiliga bosqichma-bosqich o‘tish, poligonlarga yuklamani kamaytirish va ekologik vaziyatni yaxshilash imkoni kengayadi.
Taqdimotda chiqindilardan energiya olish bo‘yicha Singapur, Janubiy Koreya, Xitoy kompaniyalarining yana 5 ta istiqbolli investitsiya loyihasi ham ko‘rib chiqildi.
Ularning umumiy qiymati $625 mln bo‘lib, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Jizzax, Surxondaryo, Buxoro va Xorazm viloyatlarida amalga oshirilishi nazarda tutilgan.
Ushbu loyihalar natijasida yiliga 1,9 mln tonna qattiq maishiy chiqindi qayta ishlanib, 635 mln kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqariladi. 500 ta yangi ish o‘rni yaratiladi, 158 mln kub metr tabiiy gaz iqtisod qilinib, issiqxona gazlari hajmi 316 ming tonnaga kamaytiriladi.


Mutasaddilar poligonlar va chiqindi yoqish zavodlarini tashkil etish xarajatlari, yer maydonlariga ehtiyoj, budjet tushumlari va ekologik samaradorlik bo‘yicha taqqoslama tahlillarni taqdim qildi.
Xorijiy tajriba asosida chiqindilarni atrof-muhitga minimal darajada taʼsir ko‘rsatgan holda yoqish va investorlar majburiyatlari bo‘yicha asosiy shartlar ko‘rib chiqildi.
Davlat rahbari loyihalarni jadallashtirish, investorlar uchun zarur infratuzilma va tashkiliy sharoitlarni yaratish, mahalliylashtirish darajasini oshirish hamda sohada malakali kadrlar tayyorlashga alohida eʼtibor qaratish zarurligini taʼkidladi.
Bu borada Green University, Samarqand davlat universiteti va Qarshi davlat universiteti bilan hamkorlikda chiqindi yoqish zavodlari uchun 1 ming nafar mutaxassisdan iborat kadrlar zaxirasini shakllantirish vazifasi belgilandi.
Joriy yilning fevralida Buxoro, Surxondaryo va Qoraqalpog‘istonda chiqindi yoqish zavodlari qurilishi boshlangandi. Loyihalar Xitoyning Wangneng Environment, CHSET va Beijing China Science Runyu Environmental Technology kompaniyalari ishtirokida jami $395 mlnlik investitsiya hisobiga amalga oshirilmoqda.
Spot, avvalroq, plastik chiqindidan asfalt ishlab chiqarayotgan Ecoasfalt MChJ asoschisi Muqaddam Mirjamalova bilan suhbatlashgandi.

