Avvalroq prezident madaniy merosni asrab-avaylash, muzey ishini rivojlantirish va O‘zbekiston madaniyatini xalqaro maydonda targ‘ib qilish bo‘yicha kelgusi ishlar yuzasidan taqdimot bilan tanishgani haqida xabar berilgandi.

Turistik yuklamani boshqarish uchun Visitor Management tizimini joriy etish, raqamli chiptalar qamrovini kengaytirish, turistlar oqimini prognoz qilish va zaruratga qarab ayrim obyektlarga tashrif limitlarini belgilash ko‘zda tutilmoqda.

Kadrlar tayyorlash sohasida mutaxassislar tayyorlash tizimini yaratish, Buxoroda ixtisoslashtirilgan restavratsiya oliy maktabini ochish, Arxeologiya institutining hududiy filiallarini rivojlantirish va restavratorlarni litsenziyalashni joriy etish rejalashtirilmoqda.

Tarixiy meros va zamonaviy infratuzilmani uyg‘unlashtiruvchi yangi loyihalar ham ko‘rib chiqildi. Xususan, anʼanaviy usullar va zamonaviy loyihalash, ishlab chiqarish hamda restavratsiya texnologiyalarini birlashtiradigan ixtisoslashtirilgan mozaika markazini tashkil etish taklif etilmoqda.

Markaz Toshkent mozaika maktabini saqlash, mutaxassislar tayyorlash va monumental sanʼatning yangi yo‘nalishini rivojlantirish maydoniga aylanadi.

Ichan-qalʼa muzey-qo‘riqxonasi hududida Olloqulixon karvonsaroyi savdo markazini tashkil etish loyihasi alohida ko‘rib chiqildi. Savdo nuqtalarining tartibsiz joylashuvi tarixiy obyektlarning vizual yaxlitligini buzishi va turistlar uchun noqulayliklar keltirib chiqarishi qayd etildi.

Yangi loyiha anʼanaviy savdo ruhini saqlash, hunarmandlar uchun sharoit yaratish, ko‘rgazma va yarmarkalar o‘tkazish, shuningdek, yangi turistik nuqtani shakllantirishga qaratilgan.

Kelgusida nomoddiy madaniy merosni asrab-avaylash sohasida davlat siyosatining yaxlitligini taʼminlash maqsadida Respublika Hunarmand uyushmasi Madaniy meros agentligi bilan hamkorlik qiladi.

Samarqandda Aga Khan Trust for Culture bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan Bibixonim majmuasini konservatsiya va restavratsiya qilish loyihasiga alohida eʼtibor qaratildi.

Loyiha madaniy meros obyektlarida meʼmoriy konservatsiya, ilmiy o‘rganish va restavratsiya ishlarini boshqarish bo‘yicha xalqaro standartlarni joriy etishni nazarda tutadi.

Loyiha doirasida yodgorlikni hujjatlashtirish va tadqiq etish, arxeologik va muhandislik tekshiruvlari, materiallar tahlili, konstruktiv modellashtirish hamda loyiha yechimlarini ishlab chiqish ishlari olib boriladi.

Mahalliy mutaxassislarni tayyorlashga alohida eʼtibor qaratiladi. Keyingi bosqichlarda asosiy gumbaz va unga tutash inshootlarni konservatsiya qilish, hududni obodonlashtirish va muzey ekspozitsiyasini yaratish ko‘zda tutilgan.

Turli tarixiy davrlarda mamlakatimizdan olib chiqib ketilgan noyob tarixiy yodgorliklar, arxeologik ashyolar, nodir qo‘lyozmalar va sanʼat asarlarini tizimli izlash, huquqiy himoya qilish va yurtimizga qaytarish maqsadida prezident huzurida madaniy boyliklarni repatriatsiya qilish bo‘yicha komissiyani shakllantirish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.

Yakunda 2027−2035-yillarga mo‘ljallangan Madaniy merosni rivojlantirish strategiyasi bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqildi.

Unda madaniy merosni raqamlashtirish, moddiy va nomoddiy merosni asrab-avaylash, madaniy boyliklarni repatriatsiya qilish, tabiiy merosni muhofaza qilish va restavratsiyani rivojlantirish dasturlari nazarda tutilgan.

Davlat rahbari taqdim etilgan takliflarni takomillashtirish va ularning amaliy ijrosini taʼminlash bo‘yicha topshiriqlar berdi.

Spot, avvalroq, madaniyat va san‘at yo‘nalishidagi talabalar startaplari uchun 50 mlrd so‘m ajratilishi haqida yozgandi.