Shavkat Mirziyoyev madaniy merosni asrab-avaylash, muzey ishini rivojlantirish va O‘zbekiston madaniyatini xalqaro maydonda targ‘ib qilish bo‘yicha kelgusi ishlar yuzasidan taqdimot bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Yig‘ilishda UNESCO yo‘nalishida erishilgan natijalar alohida qayd etildi. Butunjahon merosi qo‘mitasining 48-sessiyasida O‘zbekistonning “Toshkentning modernizm meʼmorchiligi: Markaziy Osiyo zamonaviyligi va anʼanalari” milliy nominatsiyasi Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritildi.

O‘zbekiston XX asr modernizmi meʼmoriy merosi bunday maqomga ega bo‘lgan Markaziy Osiyo va MDHdagi birinchi davlat bo‘ldi. Nominatsiya tarkibiga Toshkent shahridagi 10 ta muhim obyekt kiritildi. Bu so‘nggi 25 yilda O‘zbekistonning UNESCO Butunjahon merosi ro‘yxatiga birinchi milliy kiritilishi bo‘ldi.

Quyosh geliomajmuasi Butunjahon merosi obyekti tarkibida saqlab qolindi.

Yangi xalqaro maqom Toshkentning meʼmoriy merosini asrab-avaylash va o‘rganish, madaniy turizmni rivojlantirish, tadqiqotchilar, meʼmorlar va xalqaro ekspertlarni jalb etish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratishi aytildi.

Shu munosabat bilan poytaxtning modernizm meʼmorchiligini asrab-avaylash va targ‘ib qilish bo‘yicha 2026−2030-yillarga mo‘ljallangan Davlat dasturini amalga oshirish ko‘zda tutilmoqda.

Shuningdek, UNESCOning Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritish uchun Zomin tog‘lari tabiat obyekti nominatsiyasini tayyorlash masalasi ham ko‘rib chiqildi.

Ushbu hudud Zomin davlat qo‘riqxonasi va Zomin milliy tabiat bog‘ini qamrab olib, qimmatli archa o‘rmonlari hamda noyob hayvonlar va qushlar yashash makonlariga ega yagona tog‘ tabiiy majmuasini tashkil etadi.

Taqdimotda O‘zbekistonning UNESCO ishlari bo‘yicha Milliy komissiyasi kotibiyati faoliyatini takomillashtirish masalalariga ham to‘xtalib o‘tildi.

Kotibiyatning UNESCOning ijodiy shaharlar tarmog‘i, taʼlim beruvchi shaharlar tarmog‘i, assotsiatsiyalashgan maktablar tarmog‘i, UNESCO kafedralari, assotsiatsiyalar va klublar, shuningdek, global geoparklar tarmog‘ida mamlakatimiz ishtirokini muvofiqlashtirish funksiyalarini kengaytirish taklif etilmoqda.

Madaniy meros sohasidagi amaliy ishlarga alohida eʼtibor qaratildi. So‘nggi yillarda madaniy meros obyektlarini restavratsiya qilish uchun davlat budjetidan 466,4 mlrd so‘m mablag‘ yo‘naltirildi. 305 ta loyiha-smeta hujjati tayyorlandi, 55 ta obyektda ishlar yakunlandi, yana 152 ta obyektda ishlar davom etmoqda.

Ushbu ishlarni tizimlashtirish maqsadida 8 183 ta madaniy meros obyekti bo‘yicha kadastr hujjatlari shakllantirildi.

Yodgorliklarni qisqa muddatli ijaraga berish orqali 4 187 ta tadbirkorlik subyekti jalb etilib, sohaviy jamg‘armaga 27,9 mlrd so‘m yo‘naltirildi. 2025-yilda 52 ta obyektga 152,9 mlrd so‘m miqdorida mahalliy va xorijiy investitsiyalar jalb qilindi.

O‘zbekistonda Heritage Impact Assessment (HIA) — merosga taʼsirni baholashning prinsipial yangi tizimini joriy etish Buxoro, Samarqand, Xiva, Shahrisabz kabi noyob tarixiy shaharlar va Toshkentning modernizm meʼmorchiligini jadal qurilish hamda infratuzilma rivoji sharoitida himoya qilishda muhim qadam bo‘lishi qayd etildi.

Madaniy merosning yagona raqamli platformasini, obyektlarning raqamli egizaklarini, Heritage Open Data tizimini, shuningdek, madaniy meros bo‘yicha situatsion markazni tashkil etish taklif etilmoqda.

Bu markaz IoT-sensorlar, sunʼiy yo‘ldosh maʼlumotlari, videotahlil va sunʼiy intellekt vositalaridan foydalangan holda monitoring olib borish imkonini beradi. 2030-yilga qadar barcha madaniy meros obyektlarini raqamlashtirish rejalashtirilgan.

Spot, avvalroq, Raqobat qo‘mitasi madaniy meros obyektlaridagi tashqi reklamalarni o‘rganayotgani haqida yozgandi.