Avvalroq prezident madaniyat va sanʼat sohasi xodimlari bilan uchrashuv o‘tkazgani haqida xabar berilgandi.

Davlat rahbari har bir xonadonga musiqa cholg‘usi kirib borishi, har bir o‘g‘il-qiz musiqa chalishni o‘rganishi niyati ekanini bildirdi.

“Chunki san‘atni, musiqani sevgan bolaning qalbi toza, tafakkuri keng bo‘ladi”, — dedi prezident.

Mutasaddilarga har bir umumta‘lim maktabida musiqa va san‘at yo‘nalishida kamida 4 tadan to‘garak tashkil qilish topshirildi. Milliy cholg‘u sotib olgan to‘garaklarning 30% xarajati qoplab beriladi.

“Biz ijodkorlarni qo‘llab-quvvatlash haqida gapirganda, imkoniyati cheklangan yoshlarimizni ham unutmasligimiz lozim”, — dedi davlat rahbari.

Buning uchun yangi o‘quv yilidan hududlarda Inklyuziv ijodiy ustaxonalar tashkil qilinadi. Inklyuziv ijodkorlarni qo‘llab-quvvatlash, ularga darsliklar, ijod uchun zarur anjomlar xaridi uchun har yili 30 mlrd so‘mdan ajratib boriladi.

Madaniyat va san‘at sohalari uchun kadr tayyorlash o‘ziga xos ijodiy xususiyatlarga asoslanib tashkil etilishi kerak. Shu bois, yangi o‘quv yilidan ixtisoslashgan maktablarga o‘quvchilar musiqa yo‘nalishida 5-sinfdan, raqs, teatr, san‘at bo‘yicha 9-sinfdan qabul qilinadi.

Kasbiy ta‘lim agentligi tasarrufidagi Musiqa va san‘at, Estrada va sirk texnikumlari Madaniyat vazirligi tizimiga o‘tkazilib, ularga oliy maktab maqomi beriladi.

Madaniyat va san‘at yo‘nalishidagi 10 ta oliygoh rektori har bir talaba bilan ishlab, ularning shaxsiy brendini yaratish, ijodiy mahsulotini sotish, hamkor topishga jiddiy e‘tibor qaratishi kerakligi ko‘rsatib o‘tildi.

Mutasaddilarga yangi o‘quv yilidan har bir talabaga taniqli ijodkorlarni biriktirib, dual ta‘limni yo‘lga qo‘yish topshirildi. Bunda ustoz ijodkorlar yoshlarni o‘zining konsert, teatr va tomoshalarida ishtirok etishi uchun sharoit yaratib, ularni katta sahnada tayyorlab boradi.

Buning uchun ushbu ustozlarga oliygoh professor-o‘qituvchisiga teng miqdorda haq to‘lanadi. Taniqli ijodkorlar oliygohda dars beradigan bo‘lsa, oyligiga 50% ustama to‘lanadi.

Yangi o‘quv yilidan ta‘lim dasturlariga Art-menejment, Kreativ industriya, Loyihalarni tijoratlashtirish singari zamonaviy mavzular kiritiladi. Kinoindustriya, moda va dizayn, madaniyat menejmenti kabi yo‘nalishlarda xorijdan 50 nafar tajribali mutaxassis-o‘qituvchi olib kelinadi.

Talabalarning startap loyihalari uchun 10 ta oliygohga 50 mlrd so‘m beriladi.

Hozir madaniyat va san‘at sohasi xodimlarining malakasini oshirish bo‘yicha yaxlit tizim yo‘qligi bois, Konservatoriya huzuridagi markaz hamda San‘at va madaniyat institutidagi markaz negizida Madaniyat vazirligida soha xodimlarining malakasini oshirish va qayta tayyorlash instituti tashkil qilinadi.

Spot, avvalroq, ayrim ijodkorlarga O‘zbekiston bo‘ylab samolyot va poyezddan bepul foydalanish imkoni berilishi haqida yozgandi.