Avvalroq Spot 3-sentabr kuni Shavkat Mirziyoyev raisligida kambag‘allikni qisqartirish va aholi daromadini oshirishni yangi bosqichga olib chiqish masalalari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazilgani haqida yozgan edi.
Yig‘ilishda so‘zga chiqqan Chinoz tumani hokimi Sherzod Solihov hududda kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar va yil yakunigacha belgilangan rejalar haqida ma’lum qildi. Bu haqda O‘zbekiston 24 ko‘rsatuvida so‘z boradi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, 2022-yilda Chinoz tumanida kambag‘allik darajasi 33,6% ni tashkil qilgan. 2026-yil 1-yanvar holatiga bu ko‘rsatkich 5,6% gacha tushirilgan. 1-sentabr holatiga ko‘ra esa, ijtimoiy reyestr bilan hisoblaganda, kambag‘allik darajasi 3,7% ni tashkil qilmoqda.
Hozirda ijtimoiy reyestrda 6 668 nafar kambag‘al aholi mavjud. Shundan davlat ta’minotidagi oilalar 575 ta, kambag‘al oilalar 3 626 ta, kambag‘allik chegarasidagi oilalar esa 272 tani tashkil qilmoqda.
“Siz bergan imkoniyatlardan, imtiyozlardan, ajratilgan mablag‘lardan kelib chiqib, kambag‘allarni ishga joylab, berilgan imtiyozlarni ta’minlab bo‘ldik. Endi 3 626 nafar eng og‘ir toifa fuqarolarimiz qoldi. Bu tuman darajasida 2,5% ni tashkil qilmoqda. Hozir bergan topshiriqlaringizdan kelib chiqib, bu aholini ham kambag‘allikdan chiqarishni o‘zimga reja qilib oldim”, — dedi Sherzod Solihov.
Chinozda 1 750 gektar maydonda dehqon xo‘jaliklari tashkil etilib, 5 775 nafar ishsiz fuqaro ish bilan ta’minlangan. Ularning bir qismi usta dehqon va lider tadbirkorlarga aylantirilmoqda. Buning natijasida yangi kooperatsiyalar tashkil etilib, qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratilmoqda.
Birinchi yarim yillik yakunlariga ko‘ra, tumandagi 40 ta mahallaning 26 tasi kambag‘allikdan xoli hududga aylangan. Hokim qolgan, jumladan eng og‘ir toifadagi to‘rtta mahallani ham yil yakunigacha kambag‘allik va ishsizlikdan xoli hududga aylantirishni maqsad qilgan.
Shuningdek, Chinozdagi Birlik mahallasi tayanch mahalla sifatida belgilanib, uning atrofidagi beshta mahallani rivojlantirishga e’tibor qaratilmoqda. Birlik mahallasida 616 ta xonadon bo‘lib, shundan 590 tasida issiqxona mavjud. Hududda dehqonchilik va sabzavotchilik, sanoat yo‘nalishida yangi loyihalar amalga oshirilmoqda.
“Prezident, bugun yaratib bergan sharoitlaringiz hammasidan unumli foydalanaman hamda yil yakuni bilan Chinoz tumani kambag‘allik va ishsizlikdan xoli hududga aylanishiga sizga kafolat beraman. Chinoz tumaniga bergan ishonchingizni albatta oqlayman”, — dedi hokim.
Sherzod Solihov tumanda jami 4 906 ta tadbirkor faoliyat yuritayotganini, shundan 180 tasi sanoat sohasida ishlashini bildirdi.
Prezident Chinozda mavjud tadbirkorlar salohiyatidan foydalanib, aholini ish bilan ta’minlash mumkinligini, tuman kambag‘allik va ishsizlikni qisqartirish bo‘yicha namuna bo‘lishini bildirdi.
“Agar shularga sharoit yaratib, ishlarni joy-joyiga qo‘ysang, yil yakuni bo‘yicha Chinoz tumanini ishsizlik va kamballikdan xoli hududga o‘tkazsak bo‘ladi. Buning uchun favqulodda sharoitga o‘tishimiz kerak. Bankirlar, hamma idoralar bu tizimga ko‘makdosh bo‘lishi kerak. Yil yakuni bo‘yicha Chinoz tumani namuna bo‘lsa, men sendan minnatdor bo‘laman”, — Shavkat Mirziyoyev.
Avvalroq Spot O‘zbekistonda biznesi yurishmagan 62 ming aholi bankdan olgan qarzini qaytarishga qiynalayotgani haqida yozgan edi.
