Toshkentda qurilish vaqtida qabriston devori qulab, qabr toshlari shikastlandi. Poytaxt shahar hokimligi vaziyat yuzasidan izoh berdi.
Dastlabki o‘rganishlarga ko‘ra, sobiq shampan vinolari zavodi hududida olib borilgan qurilish ishlari vaqtida obyektni Botkin qabristonidan ajratib turgan devor qulagan. Oqibatda 15-sektorning so‘nggi qatoridagi bir nechta qabr toshlariga shikast yetgan. Qabrlarning o‘zi esa ochilmagan.
Toshkent shahar hokimligi va Shahar obodonlashtirish boshqarmasi vaziyatni nazoratga oldi. Qoidabuzarliklar bilan olib borilgan qurilish ishlari to‘xtatilib, mas’ul shaxslar aniqlandi.
Shu bilan birga, hodisa tafsilotlari va mas’ul shaxslarning xatti-harakatlariga huquqiy baho beriladi. Aybdorlar qonunchilikda belgilangan tartibda javobgarlikka tortiladi. Buyurtmachi va pudrat tashkilotiga devor qulashi oqibatlarini bartaraf etish hamda shikastlangan qabr toshlarini tiklash majburiyati yuklatildi.
“Ular uzr so‘rab, ishlarni hafta oxirigacha yakunlashini bildirdi. Ishlarning borishi va tiklash jarayoni nazoratimizda bo‘ladi. Vaziyat yuzasidan ma’lumot berib boramiz”, — deyiladi hokimlik xabarida.
Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasi qo‘shimcha ma’lumot berdi. Unga ko‘ra, holat Yashnobod tumani, Sultonali Mashhadiy mahallasi hududida joylashgan tadbirkorlik obyektida qo‘shimcha bino qurish uchun yer ishlari olib borilayotgan vaqtda sodir bo‘lgan.
Inspeksiyaning Toshkent shahar bo‘limi xodimlari tomonidan hamkor tashkilotlar bilan birgalikda olib borilgan o‘rganishlar natijasida qurilish ishlari belgilangan shaharsozlik normalari talablariga zid ravishda, tegishli ruxsatnomalarsiz noqonuniy boshlanganligi aniqlandi.
Qurilish ishlari to‘xtatilib, quruvchi tashkilotga nisbatan BHMning 200 baravari — 88 mln so‘m miqdorida ma’muriy jarima qo‘llanildi.
Inspeksiya yer ishlari jarayonida quruvchining ehtiyotsizligi oqibatida qabriston devoriga shikast yetkazilgani bilan birga, ayrim qabrlarga ham zarar yetganini ma’lum qildi.
Avvalroq Spot 2027-yildan qurilishda pudratchilarning xarajatlari yangi tartibda hisoblanishi haqida yozgan edi.