Toshkent shahri va Toshkent viloyatining beshta tumanida qattiq yoqilg‘ida ishlaydigan issiqxonalar uchun maxsus ekologik tartib joriy etiladi. Ular 1-dekabrgacha isitish tizimini o‘zgartirishi yoki belgilangan ekologik talablarga javob berishi kerak.
22-oktabrdagi hukumat qarori (586-son) bilan maxsus hududdagi issiqxonalarga qo‘yiladigan ekologik talablar to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi. Maxsus hududga Toshkent shahri, shuningdek, Toshkent viloyatining Yuqori Chirchiq, Qibray, Yangiyo‘l, Zangiota va Toshkent tumanlari kiritildi.
Ushbu hududlarda issiqxonalarni isitishda tabiiy va suyultirilgan gaz, elektr energiyasi, geotermal va quyosh energiyasi, shuningdek, issiqlik elektr stansiyalarida hosil bo‘ladigan ikkilamchi issiqlik energiyasidan foydalanishga ruxsat beriladi.
Qattiq yoqilg‘ida — ko‘mir, briket va biomassa pelletlarida ishlaydigan issiqxonalar 1-dekabrgacha isitish turini o‘zgartirishi lozim. Biroq qattiq yoqilg‘idan quyidagi bir qator talablarni bir vaqtning o‘zida bajargan holda foydalanish mumkin:
- qozon qurilmalarini yoqilg‘i uzatish va yonish jarayonini avtomatik boshqarish tizimi hamda chang-gaz tozalash uskunalari bilan jihozlash;
- uzluksiz avtomatik monitoring tizimini o‘rnatib, Ekologiya qo‘mitasining axborot tizimlariga integratsiya qilish;
- uskunalarning muvofiqlik sertifikatiga ega bo‘lishi;
- onlayn kameralar, quvvat manbai va zaxira generatori o‘rnatish;
- hosil bo‘lgan chiqindilarni utilizatsiya qilish.
Issiqxonalarda shina, bitum, mazut, plastmassa va polimer plyonkalar, sintetik karton, rezina, jun tolasi, ishlatilgan moylar hamda maishiy va ishlab chiqarish chiqindilarini hamda shunga o‘xshash tarkibli materiallarni yoqilg‘i sifatida yoqish qat’iyan taqiqlanadi.
Qarorda ekologik modernizatsiyani moliyaviy qo‘llab-quvvatlash choralari ham belgilangan. 2028-yilgacha chang-gaz tozalash uskunalari, qozon qurilmalari, energiya tejamkor ekranlar, texnologiyalar, elektr, geotermal, quyosh va kogeneratsiya asosidagi isitish uskunalarini xarid qilish xarajatlarining 50% i, biroq har bir gektar uchun 50 mln so‘mdan oshmagan qismi davlat budjeti hisobidan subsidiyalanadi.
Avtomatik monitoring stansiyalarini xarid qilish uchun istak bildirgan issiqxonalarga har bir stansiya uchun 350 mln so‘mgacha mablag‘ 7 yil davomida foizsiz bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan ajratiladi.
2026−2027-yillarda elektr, geotermal, quyosh energiyasi va kogeneratsiya asosidagi isitish tizimlariga o‘tish loyihalari uchun banklar orqali 7 yil muddatga, 3 yillik imtiyozli davr bilan yillik 14% stavkada (bank marjasi 4%) kreditlar beriladi. Kredit loyiha qiymatining 50% igacha, har bir gektar uchun esa 3 mlrd so‘mgacha bo‘lishi mumkin.
2026-yil 1-dekabrdan belgilangan talablarga javob bermaydigan issiqxonalarga davlat ekologik ekspertizasining ijobiy xulosasi berilmaydi, avval berilgan xulosaning amal qilishi esa vaqtincha to‘xtatiladi. Bunda issiqxonani elektr, gaz va suv ta’minotidan uzish choralari ko‘riladi.
Maxsus hududdagi issiqxonalarda har yili 15-oktabrdan 15-martgacha nazorat va monitoring o‘tkaziladi. Inson hayoti va sog‘lig‘iga yuqori xavf tug‘diruvchi omillar aniqlansa, issiqxona faoliyati yoki ifloslantiruvchi manba 10 kungacha vaqtincha to‘xtatilishi mumkin.
13-oktabr kuni prezident raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda O‘zbekistonda issiqxonalarni modernizatsiya qilish uchun 3 mlrd so‘mgacha kredit ajratilishi aytilgandi.
Prezident qarori bilan 1-noyabrdan ayrim issiqxonalarga elektr energiyasi xarajatlarining 50%i qoplab beriladi. Shuningdek, issiqxonalarga soliq imtiyozlari, energiya tejamkor uskunalar xaridi uchun subsidiyalar hamda 300 mln so‘mgacha imtiyozli kreditlar ajratish nazarda tutilmoqda.