Hukumatning tegishli qarori bilan qurilish obyektlarining shartnomaviy joriy narxlarini hisoblashda pudrat tashkilotlarining boshqa xarajatlarini aniqlashtirish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.
Qarorga ko‘ra, 2027-yildan boshlab budjet mablag‘lari hamda ustav kapitalida davlat ulushi 50% va undan ortiq bo‘lgan xo‘jalik jamiyatlari mablag‘lari hisobidan qurilish, rekonstruksiya va ta’mirlash ishlari moliyalashtiriladi.
Bunday obyektlar bo‘yicha loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish va boshlang‘ich qiymatni aniqlashda yangi tartib joriy etiladi.
Qurilish sohasidagi ishchi-xodimlarning mehnatiga haq to‘lash miqdori respublika bo‘yicha bir kishi-soat uchun mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 5% i etib belgilanadi. Bunda ijtimoiy soliq to‘lovlari ham hisobga olinadi.
Pudrat tashkilotlarining ishlab chiqarishga doir boshqa xarajatlari to‘g‘ridan-to‘g‘ri xarajatlar summasining 2,5% i miqdorida belgilanadi. Tog‘li, cho‘l va borish qiyin bo‘lgan hududlardagi obyektlar uchun bu ko‘rsatkich 5% ni tashkil etadi.
Pudrat tashkilotlarining boshqa xarajatlari smeta qiymatidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri xarajatlarning 20% i, zarur foyda esa 7% i miqdorida belgilanadi.
To‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar bo‘yicha pudrat tashkilotlarining boshqa xarajatlarini hisoblash, tekshirish va tasdiqlash jarayonlari “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimi orqali elektron shaklda amalga oshiriladi.
Agar pudrat tashkiloti tashkil etilganiga bir kalendar yildan oshmagan bo‘lsa hamda uning balans ko‘rsatkichlari, moliyaviy hisobotlari va boshqa hisobot ko‘rsatkichlari taqdim etilmagan bo‘lsa, boshqa xarajatlar smeta qiymatidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri xarajatlarning 10% i, zarur foyda esa 7% i miqdorida qabul qilinadi.
Ishlab chiqarishga doir boshqa xarajatlar uchun ajratilgan mablag‘lar haqiqatda bajarilgan ishlarning hajmi va qiymatidan kelib chiqib moliyalashtiriladi.
Tender (tanlov) asosida tuziladigan shartnomalarda shartnoma amal qiladigan davrda pudrat tashkilotlarining boshqa xarajatlari miqdorini o‘zgartirishga yo‘l qo‘yilmaydi. Biroq soliq to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlariga o‘zgartirish kiritilgan holatlar bundan mustasno.
Shuningdek, pudrat tashkilotlarining boshqa xarajatlari miqdori to‘g‘risidagi ma’lumotlar tashkilotlar kesimida “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimida e’lon qilib boriladi.
Avvalroq Spot Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi Toshkentda noqonuniy qurilgan ko‘p qavatli uylar soniga aniqlik kiritgani haqida yozgandi.