Apple 23-oktabr kuni boshlanadigan global savdolardan oldin xaridorlarga yetib borgan bukiladigan iPhone Duo smartfonlarini faollashtirishni blokladi. Bu haqda Kod Durova xabar bermoqda.

Smartfonni faollashtirishga urinishda ekranda “iPhone bilan muammo yuz berdi” degan xabar paydo bo‘ladi. Unda ushbu iPhone’da uyali aloqa xizmatini faollashtirishning imkoni yo‘qligi, foydalanuvchi operator yoki Apple qo‘llab-quvvatlash xizmatiga murojaat qilishi kerakligi aytiladi. Uyali aloqa bilan bog‘liq xatoga qaramay, smartfonni keyingi bosqichda ham faollashtirib bo‘lmaydi.

Avvaldan sozlangan smartfonlar esa ishlashda davom etmoqda. Qurilma egalarining aytishicha, muammo telefon zavod sozlamalariga qaytarilgandan keyin paydo bo‘ladi, yangi qurilmalarni esa umuman faollashtirib bo‘lmaydi.

Bloklangan qurilmalardan biriga ega texnobloger Sergey Romantsev bloklanishga qurilmaning seriya raqami oshkor bo‘lib qolganini sabab qilib ko‘rsatmoqda.

Uning taxminiga ko‘ra, savdolar boshlanishidan oldin 20 ga yaqin smartfon sotib olingan va ularning barchasi Apple yetkazib bergan bir partiyaga tegishli.

Sergeyning fikricha, Apple ushbu partiyani Rozetked nashri o‘z sharhida qurilmaning seriya raqamini ko‘rsatgani sababli aniqlagan bo‘lishi mumkin. Romantsev zavod sozlamalariga qaytarmagan o‘z Duo smartfonidan foydalanishda davom etmoqda.

Tahlilchi Eldar Murtazin savdolar boshlanishidan oldin Rossiyada taxminan 40 ta Duo smartfoni bo‘lganini baholamoqda. Uning aytishicha, ulardan 12 tasi so‘nggi ikki kun ichida faollashtirilgan va bu qurilmalar operatorlar tarmoqlarida ko‘rinadi.

Uning ma’lumotlariga ko‘ra, bloklash bir nechta mamlakatda, jumladan, Rossiyada ham kuzatilgan. Tahlilchining ta’kidlashicha, bloklash xususiyati oddiy faollashtirishni cheklashdan farq qilishi mumkin.

“Bloklash Duo’ni butunlay ishlamaydigan qurilmaga aylantiradi, u o‘g‘irlangan deb hisoblanadi”, — deb yozdi Eldar Murtazin.

Apple ID hisoblariga nima bo‘lishi hozircha noma’lum. Murtazinning so‘zlariga ko‘ra, xaridorlardan birining akkaunti butunlay bloklangani haqida bitta holat ma’lum, boshqa bir holatda esa akkauntga zarar yetmagan.

Tahlilchi bu vaziyat Apple hamkorlariga ham ta’sir qilishi mumkinligidan ogohlantirmoqda. Kompaniya bilan tuzilgan shartnomada zararlarni miqdoriy cheklovlarsiz qoplash sharti mavjud.


Avvalroq Spot Apple yanada kattaroq ekranli iPhone Duo Max’ni chiqarishi mumkinligi haqida yozgandi.

Bloomberg jurnalisti Mark Gurmanga ko‘ra, Apple ilk bukiladigan iPhone nomini tanlashda qatorni kelajakda kengaytirishni ham hisobga olgan.