Raqobat qo‘mitasi O‘zbekistonda ayrim importyorlar va ulgurji distribyutorlar talab yuqori bo‘lgan dorilarni sotishda boshqa preparatlarni ham majburiy xarid qilish shartini qo‘yayotgani yuzasidan shikoyatlar ko‘paygani holatlarini o‘rganmoqda.
Qo‘mitaga ko‘ra, 2026-yilning dastlabki to‘qqiz oyida 305 ta korxona dori vositalarini import qilgan. Shundan 47,2% i beshta importyor hissasiga to‘g‘ri kelgan.
1-oktabr holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda jami 14 598 ta dorixona mavjud bo‘lib, shundan 14 149 tasi chakana dorixonalardir. 2023-yilga nisbatan asosiy chakana dorixonalar soni 8 584 tadan 7 940 taga kamaygan, filiallar soni esa 4 639 tadan 6 209 taga oshgan. Ulgurji dorixonalar soni ham shu davrda 521 tadan 449 taga qisqargan.
Nazorat organining qayd etishicha, talab yuqori bo‘lgan dorilarni xarid qilishda boshqa, buyurtma qilinmagan preparatlarni ham olish shartini qo‘yish kichik tadbirkorlarning iqtisodiy manfaatlariga zarar yetkazishi, ularning faoliyatini cheklashi va raqobatga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
“Raqobat to‘g‘risida"gi qonunga ko‘ra, ustun muzokara kuchini suiiste’mol qilish, jumladan, shartnoma tuzishda boshqa tovarlarni ham xarid qilish shartini qo‘yish qonunbuzarlik hisoblanishi mumkin.
Raqobat qonunchiligini buzganlik uchun oxirgi uch yildan oshmagan davrda tovarlarni realizatsiya qilishdan olingan tushumning 5% i miqdorida moliyaviy sanksiya qo‘llanishi mumkin.
Qo‘mita ta’kidlashicha, dori vositalarining ulgurji savdosida raqobatga zid shartlar qo‘yilgani aniqlanib, qonunbuzarlik tasdiqlansa, tegishli javobgarlik choralari qo‘llanilishi mumkin.
Avvalroq Spot Ohangaronsement yetkazib berish shartnomasini bajarmagani uchun jarimaga tortilgani haqida yozgan edi.