Raqobat qo‘mitasi Ohangaronsement kompaniyasini sement yetkazib berish shartnomalarini bajarmagani uchun jarimaga tortdi, deya xabar berdi idora matbuot xizmati.
Qayd etilishicha, qo‘mitaning Toshkent viloyati hududiy boshqarmasiga Sarkor-Ishonch-777 va East korxonalaridan shikoyatlar kelib tushgan.
Har ikki korxona 2025-yil noyabr-dekabr oylarida qurilish materiallari ishlab chiqaruvchi kompaniya bilan sementni oldindan kelishilgan muddatlarda yetkazib berish bo‘yicha shartnomalar tuzgan.
Biroq tekshiruv davomida kompaniya mahsulotni belgilangan muddatda yuklab jo‘natishni ta’minlamagani aniqlangan. Shuningdek, u birja savdolari yakunlari bo‘yicha shartnomaviy majburiyatlarini ham lozim darajada bajarmagan.
Nazorat organi Ohangaronsement’ning harakatlarini “Raqobat to‘g‘risida"gi qonunning 29-moddasi buzilishi deb topdi. Ushbu modda savdolar jarayonida raqobatni cheklovchi yoki cheklashi mumkin bo‘lgan harakatlarni taqiqlaydi.
Qo‘mitaning hududiy boshqarmasi maxsus komissiyasi zavodga nisbatan ish qo‘zg‘atib, unga moliyaviy jarima solish to‘g‘risida qaror qabul qildi.
Bundan tashqari, kompaniyaga qoidabuzarliklarni bartaraf etish va kelgusida bunday holatlarga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha ko‘rsatma berildi.
Ohangaronsement maxsus komissiya qaroriga nazorat organining Apellyatsiya kengashida e’tiroz bildirishga urindi. Biroq shikoyatni ko‘rib chiqqan kengash qarorni o‘zgarishsiz qoldirishga qaror qildi.
Avvalroq Spot Raqobat qo‘mitasi O‘zbekistonda davlat tili talablariga rioya qilmagan 4 496 ta reklama va tashqi yozuvni aniqlagani haqida yozgandi.