O‘zbekistonda davlat tiliga amal qilmagan 4500 ga yaqin reklama va tashqi yozuvlar aniqlandi. Bu haqda Raqobat qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.
Nazorat organi tomonidan joriy yil boshidan buyon mamlakat bo‘ylab tashqi yozuvlar, jumladan, peshlavhalar, reklama va boshqa e’lonlar hamda axborot matnlarining davlat tili talablariga muvofiqligi yuzasidan 16 057 ta monitoring o‘tkazildi. Natijada 4 496 ta holatda kamchiliklar aniqlandi.
Shundan 2 344 tasida peshlavha, tashqi yozuv va boshqa e’lonlar, 975 tasida esa tashqi reklamalar matni boshqa tillarda berilgani ma’lum bo‘ldi.
Shuningdek, 841 ta peshlavha, tashqi yozuvlar va boshqa e’lonlarda, 336 ta tashqi reklama vositasidagi reklama va axborotlari matnida lug‘aviy ma’no buzilgani va imloviy xatolar qayd etilgan.
Aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish va reklama matnlarini davlat tili hamda reklama to‘g‘risidagi qonunchilik talablariga muvofiqlashtirish choralari ko‘rilgan.
Bundan tashqari, Raqobat qo‘mitasi go‘zallik salonlari, avtoservislar va qurilish materiallari savdosi bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlarga reklamani joylashtirish bo‘yicha tegishli tushuntirishlar berdi.
“Reklama to‘g‘risida"gi qonunning 6-moddasiga ko‘ra, O‘zbekiston hududida reklama davlat tilida tarqatiladi. Reklama mazmunining tarjimasi belgilangan talablarga rioya etilgan holda boshqa tillarda ham takrorlanishi mumkin.
Shuningdek, tovar belgilari, xizmat ko‘rsatish belgilari hamda qonunchilikda belgilangan tartibda ro‘yxatga olingan boshqa belgilarning asl shakli va tilini saqlash bilan bog‘liq talablar ham inobatga olinishi lozim.
Tashqi reklamani joylashtirishda ularning mazmuni, imloviy va uslubiy jihatdan to‘g‘ri rasmiylashtirilishiga, shuningdek, amaldagi qonunchilik talablariga muvofiqligiga e’tibor qaratish zarur.
Raqobat qo‘mitasi tadbirkorlarni tashqi reklama, peshlavha va axborot ko‘rsatkichlarini joylashtirishda davlat tili va reklama to‘g‘risidagi qonunchilik talablarga rioya etishga chaqirdi. O‘rganishlar davom ettirilmoqda.
Avvalroq Spot prezident o‘zbek alifbosini takomillashtirishga oid qonunni imzolagani haqida yozgan edi.